SAT sertifikatiga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha davlat granti: kimlar imtiyozdan foydalana oladi?
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida yuqori natija qayd etgan abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SAT sertifikatiga ega yoshlar uchun qo‘shimcha davlat grantlari ajratiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro darajada tan olingan “Scholastic Aptitude Test – SAT” imtihonidan 1200 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar mazkur imtiyozdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Qo‘shimcha davlat grantlari oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklidagi, fanlar majmuasi matematika va chet tiliдан iborat bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun ajratiladi.
Qo‘shimcha grant o‘rinlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Abituriyentning SAT bo‘yicha to‘plagan bali asosiy mezon sifatida qabul qilinadi. Bundan tashqari tanlovda abituriyent tanlagan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi hisobga olinadi. SAT sertifikatiga ega abituriyentlar ushbu imtiyozdan foydalanish yoki umumiy tartibda test natijalari asosida tanlovda ishtirok etishni mustaqil tanlashi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yangilik xalqaro baholash tizimlarida yuqori natija ko‘rsatgan iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u maktab o‘quvchilarining xalqaro standartlar asosida bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, chet tili va matematika fanlarini chuqur o‘zlashtirishga qo‘shimcha turtki berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda SAT sertifikatiga ega abituriyentlar uchun alohida qabul mexanizmining joriy etilishi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro ta’lim standartlariga integratsiyalashuvini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA