Sarmoyalar tadbirkorlik rivojining muhim omili
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotimiz tayanchi, xalqimiz farovonligining muhim omiliga aylandi. Bozorni raqobatbardosh oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishda mazkur sohaning o‘rni va ahamiyati katta.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotimiz tayanchi, xalqimiz farovonligining muhim omiliga aylandi. Bozorni raqobatbardosh oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishda mazkur sohaning o‘rni va ahamiyati katta.Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun yanada qulay va erkin muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Sohaga tegishli qonunlar va me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlashda moliya muassasalarining faoliyati ham alohida ahamiyatga ega. “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida bankdan 809,3 milliard so‘m kredit ajratildi. Shundan 435 milliard so‘mi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilib, bu borada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarga o‘sish ta’minlandi. 1 ming 500 tadbirkorga 44 milliard so‘mlik mikrokreditlar berilib, natijada 3 ming 137 yangi ish o‘rni yaratildi.
– Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlar bartaraf etilayotgani faoliyatimizni yanada kengaytirishda qo‘l kelmoqda, – deydi Buxoro viloyatidagi «Amirbek Ayub» xususiy korxonasi rahbari Mirjon Karomatov. – Korxonamizda non va non mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buyurtmachilar ortgani bois yangi, zamonaviy pechlarga ehtiyojimiz bor edi. “O‘zsanoatqurilishbank”ning "To‘qimachilik" filialidan olingan kredit evaziga 2 dona pech xarid qildik. Bu non mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
– Yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti bizga keng imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi Namangan viloyatidagi “Estragon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zokir Taniboyev. – “O‘zsanoatqurilishbank” Namangan filialining 200 million so‘mlik sarmoyasi evaziga issiqxona tashkil etdik. Natijada mahallamizdagi uch kishi ish bilan ta’minlandi. Ikki yildan buyon aholi dasturxoniga arzon narxlarda pomidor, bodring va boshqa sabzavot mahsulotlari yetkazib bermoqdamiz.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlashda ham bank faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, joriy yilda hududlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan yuzdan ortiq loyihani moliyalashtirish uchun 37,7 milliard so‘m ajratildi. Uning evaziga olti yuzdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatidagi “Kavsar madad” xususiy korxonasiga shifer ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 600 million so‘m, Buxoro viloyatidagi “Mirzo Ulug‘bek” korxonasiga temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 400 million so‘m, Navoiy viloyatidagi “Navoiy pryaja” korxonasiga sintetik tola ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 300 million so‘m, Xorazm viloyatidagi “Xonqa parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga parrandachilikni rivojlantirish uchun 700 million so‘m kredit ajratildi.
– Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishimizda bankning boshlang‘ich sarmoyasi juda qo‘l keldi, – deydi Namangan viloyatidagi “Kosonsoy Al-Aziz” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Toshmatov. – Poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Joriy yilda bankdan olingan 850 million so‘m kredit hisobiga xorijdan zamonaviy uskunalar xarid qilib, ishimizni yanada kengaytirdik. Yangi liniya ishga tushirilgach, mahsulotlarimiz sifati yaxshilanib, buyurtmachilar ortdi. Qo‘shimcha 9 ish o‘rni ochildi.
To‘raqurg‘on tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Bahrom Inomov o‘tgan yili “O‘zsanoatqurilishbank”ning Namangan viloyati filialidan bir milliard so‘m kredit olib, parrandachilikni yo‘lga qo‘ydi. Uch yil muddatga berilgan mazkur mablag‘ evaziga tovuq va jo‘ja boqish uchun maxsus qafaslar, ozuqa xarid qilindi. 15 kishi ish bilan ta’minlandi.
– Oltmish mingdan ortiq tovuq va jo‘ja parvarishlamoqdamiz, – deydi “Sardor-Bahrom zoo” fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Inomov. – Mahsulotlarimizga talab katta. Shu bois tuxum yetishtirishni oshirishga harakat qilib, har kuni iste’molchilarga arzon narxlarda ellik ming dona tuxum yetkazib bermoqdamiz. Bunda davlatimiz tomonidan parrandachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va banklarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi muhim omil bo‘lmoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank” tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak berish bilan bir qatorda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishini ham ko‘llab-quvvatlamoqda. Shu maqsadda joriy yilda 380 bitiruvchining murojaatini ijobiy hal etib, ularga 8,5 milliard so‘m kredit ajratdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.
Muxtasar aytganda, bank tomonidan xususiy sektorning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgani sohani izchil rivojlantirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.