Sarmoya yangi loyihalarga asos bo‘lmoqda
Buxoro tumanida Xitoy texnologiyasi va sarmoyasi asosida faoliyat yuritayotgan korxonalar safi kengaymoqda.
Jumladan, “MILMAXTRADE” MCHJ loyihasi asosida meva-sabzavotni yetishtirish va qayta ishlash, qadoqlash va xaridorlarga yetkazib berish agroklasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Bunda tadbirkor Nuriddin Nurmuhammedov loyihasi uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda sabzavot yetishtirish imkoniga ega umumiy maydoni 20 gektarli issiqxona barpo etish, ikkinchi bosqichda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlashga mo‘ljallangan sig‘imi 3 ming 100 tonna hajmga ega muzlatkich omborxona qurish, uchinchi bosqichda esa 6 ming tonna mahsulotni quritish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash zavodini bunyod etishga kirishilgan.
Loyihani ro‘yobga chiqarish uchun umumiy qiymati 27 million AQSH dollari sarflanadi. Bunda “Milliy bank” viloyat filiali tadbirkorni 17 million AQSH dolari miqdoridagi kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Endilikda “Ko‘chko‘mar” mahalla fuqarolar yig‘inida ham xitoylik sarmoyadorlar tashabbusi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “GOLDEN PHEONIX” xorijiy korxonasi o‘z faoliyatini boshlamoqda. Bu loyihaga Xitoy tomonidan 500 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Tumanda yetishtirilayotgan tovuq oyoqlari(panjalari)ni maxsus sharoitda qayta ishlab, Xitoy, Tayvan, Gonkong, Rossiya va Belorussiya kabi davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda mazkur loyiha shu yilning fevral oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri