Sardobada endi kannabis yetishtiriladi
Respublika Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda malta davlatining “Melabis” kompaniyasi o‘rtasida tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun kannabis yetishtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu memorandumga ko‘ra Sardoba tumanida 3 ming gektar maydonga sanoat uchun kannabis yetishtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Dastlabki yil 500 gektar maydonga kannabis ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, keyingi 3 yil ichida ushbu o‘simlikning ekin maydonini 3 ming gektargacha kengaytirilishi rejalashtirilmoqda.
Markaziy Osiyo iqlimi kannabis o‘simligini yetishtirish uchun qulay bo‘lib, uni yetishtirishga paxtaga qaraganda 10 marta kamroq suv sarflanar ekan. Eng muhimi undan faqatgina tibbiy maqsadlarda foydalanish ko‘zda tutilganidir.
Mazkur o‘simlik sanoat sharoitida qayta ishlanib, tayyor mahsulot shakliga keltirilganda, uning tarkibidagi tetragidrokannabinol (THC) atigi 0,1-0,2 foizni tashkil qilishi va bu undan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olishi hamda mahsulotning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) talablariga to‘la mos kelishi aytilmoqda.
Sardoba tumanida yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan mazkur loyihani amalga oshirishga 33 million AQSH dollari boshlang‘ich investitsiya kiritiladi. Ushbu loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida yuqori texnologiyali zavod va xom ashyoni qayta ishlaydigan tegishli laboratoriyalar qurilishi talab etiladi. Bu esa 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishini kafolatlaydi.
Qayta ishlangan tayyor kannabis mahsuloti asosan eksportga ynaltiriladi.
A.QAYUMOV, O‘zA