Sara urug‘ mo‘l hosil garovi
Xalqimiz, ayniqsa bobodehqonlarimiz kartoshkani “ikkinchi non” sifatida e’zozlab, uni urug‘chilikni yetishtirishdan torib, ekish va mo‘l hosildorligini olishga bo‘lgan jarayonlarga alohida ahamiyat qaratadi.
Mamlakatimiz aholisini kartoshka va kartoshka mahsulotlariga bo‘lgan talabi o‘rtacha bir yilda 2 million 485 ming tonna, yoki o‘rtacha bir kishiga, iste’mol me’yori bir yilda 71 kiloni tashkil qiladi. Odamlarni kartoshka va kartoshka mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida har yili agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa xo‘jaliklarida o‘rtacha 200 ming gektar maydonlarda kartoshka yetishtiriladi. Kartoshka ekish uchun o‘rtacha 3 tonnadan urug‘ sarflanganda, jami 600 ming tonna urug‘lik talab etiladi.

Namanganda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2023 yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik kartoshkalarning saralash, saqlash, sertifikatlash va realizatsiya qilishda yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning ilmiy asoslangan yechimlari” mavzusida seminar va press-tur o‘tkazildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, Prezidentimizning 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirishga xizmat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida ushbu qaror ijrosi doirasida Namangan viloyatida ham bir qator amaliy ishlar qilindi. Shuning barobarida sohada hal etilishi zarur bo‘lgan, o‘z yechimini kutayotgan muhim masalalar ham bor.

2022 yilda viloyat bo‘yicha jami 21 ming 626 gektar maydonga kartoshka ekilgan. Shundan 15 ming 50 gektari fermer xo‘jaliklari, 2 ming 561 gektar bog‘-qator orasi, 4 ming gektardan ziyodrog‘i aholi tomorqasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun jami 47 ming 662 tonna urug‘lik sarflandi. E’tiborlisi, urug‘likning asosiy qismi viloyatning o‘zida, aksariyati Yangiqo‘rg‘on tumanida yetishtirildi.
– Kartoshkachilik sohasida faoliyat olib borayotgan agroklasterlar, fermerlar yoki tomorqa dehqon xo‘jaliklarining asosiy maqsadi yuqori hosildorlik va sifatli mahsulot yetishtirib, o‘z mehnatining iqsodiy samarasini ko‘rish, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Haydar Mahmudov. – Kartoshka yetishtirishda avlodi eskirgan navlarni ekib, kutilganidek natijaga erishib bo‘lmasligini tajribali va masalaga ilmiy yondashadigan dehqonlar juda yaxshi anglaydi. Lekin avlodi eskirgan navlarni ekib, maqsadiga erishmagan va hatto, ekinni kasallik hamda zararkunanda hashoratlarga qarshi kurash ishlarini o‘z vaqtida tashkillanmagani sababli peshona teri zoye bo‘lgan, alaloqibat esa hosil ololmay kartoshkachilikdan voz kechayotganlar ham yo‘q emas. Bunday achinarli holatni bartaraf etishda ilmiy asoslangan agrotexnologiya chora-tadbirlarini ko‘rish zarur. Kartoshka avlodini aniqlash uchun aprobatsiya qilinishi o‘ta aniqlikni talab qiladigan masala bo‘lib, tadbirga ilmiy yondashish kerak. Afsuski, aksariyat hollarda klasterlar va fermerlar tomonidan bunday talablarga rioya qilmaslik holati uchramoqda. Boz ustiga, tomorqachi dehqonlar ilmiy asoslangan agrotexnologiya talablariga rioya qilinishida yetarli bilimga ega emasligidan urug‘lik kartoshkani tanlashda xatoliklarga yo‘l quymoqda. Maxsus laborotoriyalarda sertifikatlangan va sifati kafolatlangan urug‘larni ekkan dehqonlar aytish mumkinki, xavotirlanmay, kafolatlangan yuqori hosil yetishtirishlari mumkin.

– Yangiqo‘rg‘ondagi “Toshnamagrologistika” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Niderlandiyaning “Agriko” kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra “Konstansa”, “Arnova” va “Arizona” navli elita urug‘dan 900 tonna olib kelib, omborda saqlanmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limi yetakchi mutaxassisi Bekzod Yo‘ldoshev. – Ushbu navlarning hosildorligi gektaridan 42 tonnani tashkil qiladi va tumandagi dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaliklariga yetkazib berish maqsad qilingan.
Islomiddin Mirzayev tog‘oldi tumanning omilkor va tajribali dehqonlaridan. U rahbarlik qilib kelayotgan “Musaffo mega savdo” tomorqa xizmati klasteri omborlari ixtiyorida bugungi kunda jami 20 ming tonna kartoshka urug‘i zaxirasi mavjud. 20 yildan buyon ekin ekib, yer bilan tillashayotgan tadbirkor Yevropadan keltirilgan urug‘larning yuqori hosildorligi va boshqa afzalliklarini o‘z tajribasida muvaffaqiyatli tatbiq etgan. 2021 yilda Niderlandiyaga borib, tajriba almashib keldi. Maxsus transport vositalarida 12 kunda urug‘lik kartoshka Namanganga yetkazib kelinmoqda. Bu borada Prezidentimizning sohaga doir qarorlari ijrosini ta’minlanayotgani barobarida logistika bilan bog‘liq muammolarga barham berildi.

– Avvallari bunday imkoniyatlar bo‘lmagan. Temiryo‘l vositasida keltiriladigan mahsulot o‘z muddatida yetib kelmasdi. Xullas, berilayotgan imtiyozu imkoniyatlardan oqilona foydalanyapmiz. Birgina, “Konstansa” navi gektaridan 40-45 tonnagacha hosil beryapti. Bu juda katta natija,– deydi tadbirkor Islomiddin Mirzayev biz bilan suhbatda.
Darvoqe, kartoshka yetishtiruvchi xo‘jaliklarning urug‘lik kartoshkaga bo‘lgan eng yuqori talabi yilning 1 fevralidan 1 avgustigacha davom etadi. Kartoshkachilikda yuqori hosil yetishtirishning asosiy omili bu kafolatlangan sara urug‘ hisoblanadi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, sohaning Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan kelgan mutaxassislari ishtirok etgan press-tur davomida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Nanay”, “Ko‘kyor” va “Birlashgan” agrofirmalarida urug‘lik kartoshka yetishtirish loyihalari ko‘rgazmali banner vositasida taqdim qilindi. Jurnalistlar bevosita tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan mahsulotlarni saqlash omborlaridagi sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan mas’ul mutasaddilar, “O‘zagroinspeksiya” xodimlari, fermerlar ishtirokidagi ochiq muloqotda Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi laboratoriya boshlig‘i Ulug‘bek Hasanov urug‘chilikning asosiy vazifalari, funksiyalari va sertifikatlashtirish yo‘riqlari haqida batafsil tushunchalar berdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va seminar ishtirokchilarning mavzu yuzasidan muhim savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA