Sanoat xavfsizligi: javobgarlik kuchaytiriladi
Mamlakatimizda sanoatning jadal rivojlanishi, texnologik jarayonlarning murakkablashib borishi sanoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, sohaga oid talablarni yanada takomillashtirishni talab etadi.
Shu maqsadda sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palatada maromiga yetkazildi.
Qonunchilik palatasining bugungi majlisida mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, bu borada mas’ul shaxslarning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, sanoat xavfsizligi talablarini buzish oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida davlat nazoratini tashkil etmaslik, avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaslik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilmoqda. Sohadagi vakolatli organlarning vazifalari aniqlashtirilyapti.
Ikkinchi o‘qish davomida qonun loyihasi deputatlar va soha mutaxassislari ishtirokida maromiga yetkazildi, huquqiy jihatdan takomillashtirildi. Qonun loyihasidagi normalar sanoat xavfsizligini ta’minlash va sohada javobgarlikni belgilashda muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA