Sanitar tozalash sohasida yangi bosqich
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi turmush darajasini yaxshilash, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish va sanitar tozalash xizmatlari sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish va qayta ishlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Bu borada yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni joriy etish, sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil 4-yanvarda qabul qilingan “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat asosida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tashkil etishda mutlaqo yangi – raqamlashtirilgan tizim joriy etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralar hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida aholiga chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qator qulayliklar yaratildi. Eng muhimi, fuqarolar o‘z qarzdorliklari haqida o‘z vaqtida va qulay shaklda xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Mazkur sohada qabul qilingan qonun va qarorlar ijrosi doirasida hududlarda maxsus boshqaruv operatorlari faoliyati tartibga solindi. Mahallalarda xatlov ishlari o‘tkazilib, aholi soni va yashash manzillari aniqlashtirildi. Natijada, chiqindixonalar tartibga keltirilib, ular zamonaviy infratuzilma – kanalizatsiya, issiq va sovuq suv ta’minoti bilan jihozlandi. Shuningdek, maxsus texnikalarga GPS qurilmalari o‘rnatilib, ular harakatini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi. Bu esa xizmat ko‘rsatish jarayonining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi Buxoro shahridagi “Shayx ul-olam” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mohira Tosheva.

– 2026-yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi, – deydi viloyat Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Asilbek Barotov. – Bu orqali qarzdorlik va hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlar elektron platformalar orqali tezkor yetkazilmoqda.
Ayni paytda Buxoro viloyati “Toza hudud” davlat muassasasi Jondor, Qorako‘l, Peshku va Olot tumanlarida 166 ta mahallaning 99,6 foizini qamrab olgan holda 412,8 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. “Tozamakon” platformasi orqali barcha abonentlar identifikatsiyadan o‘tkazilib, ularning ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Bu esa aholining to‘lov madaniyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, elektron to‘lov tizimiga o‘tish orqali naqd pul muomalasi keskin qisqargan. Endilikda fuqarolar o‘z shaxsiy hisob raqamlari orqali bank xizmatlari va plastik kartalar vositasida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda viloyatda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari “Maxsusavtoxo‘jalik”, “Aholitrans” MCHJ hamda “Toza hudud” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilib, 516 ta mahallaning 99 foizi qamrab olingan. 2,1 million aholining 1,36 million qismi yagona elektron hisob tizimida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, texnik jihatdan ham yangilanishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi vaqtlarda yangi maxsus texnikalar xarid qilinib, chiqindilarni saralash uchun zamonaviy konteynerlar o‘rnatildi. Barcha texnikalar GPS tizimiga ulangan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish jarayoni to‘liq nazoratga olingan.
Sanitar tozalash sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish nafaqat xizmatlar sifatini oshirish, balki shaffoflikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi tizim orqali inson omili kamayib, korrupsiya holatlarining oldi olinmoqda. Shuningdek, debitor qarzdorliklar kamayib, aholi murojaatlari soni ham qisqarayotgani kuzatilmoqda.
Eng muhimi, mazkur islohotlar aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa kelajak avlod uchun sog‘lom va toza muhitni yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.