Sanalar har xil, maqsad mushtarak…
O‘qituvchi va murabbiylar bayrami ustozlar va ularning jamiyat rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini sharaflash maqsadida dunyoning, deyarli, barcha mamlakatlarida nishonlanadi. Bu sana ularning mehnati va fidoyiligini yana bir bor ta’kidlash, o‘quvchilar hayotidaga muhim roli uchun minnatdorlik bildirish kunidir.
Muallimlar kunini nishonlashga sabab ko‘p.
Birinchidan, olijanob kasbni e’tirof etish. Zero, o‘qituvchi bilim beradi, tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, yosh ongni shakllantiradi. Ustozlar kuni pedagoglar keyingi avlodni tarbiyalash yo‘lidagi fidokorona va mashaqqatli mehnatni e’tirof etish onidir.
Ikkinchidan, minnatdorlik va hurmat. Ustozlar kuni talabalar va umuman jamiyatda o‘qituvchiga minnatdorlik va hurmat bildirish imkoni bor.
Uchinchidan, ta’limning ahamiyatini ta’kidlash. Shu kuni ta’limning shaxs va jamiyat rivojidagi hal qiluvchi roli eslanadi. Xalqni ilmning ahamiyati va dunyoni shakllantirishda “jadid”larning muhim roli haqida fikr yuritishga undaydi.
To‘rtinchidan, o‘qituvchi uchun rag‘bat. Maxsus kunda o‘qituvchi nafaqat o‘z sa’y-harakati uchun e’tirof etiladi, balki sifatli ta’lim berish bo‘yicha majburiyatini davom ettirish uchun yangi kuch oladi. Ruhiyati yanada ko‘tarilib, yosh avlodni tarbiyalashdek muqaddas vazifani bajarishga ilhomlanadi.
Beshinchidan, o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi rishtani mustahkamlash. Mazkur sana nishonlanishi ustozlar va yoshlarni yanada jipslashtiradi. O‘zaro do‘stlik va hurmat tuyg‘usini rivojlantiradi, ijobiy muhitni yaxshilaydi.
O‘zbekistonda 1997 yildan buyon 1 Oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida nishonlanadi. Xo‘sh, boshqa davlatlarda ustozlar qaysi sanada e’tirof etiladi?
Dunyoning ko‘pgina davlatlari, jumladan Afg‘oniston, Armaniston, Ozarbayjon, Bahrayn, Bangladesh, Belgiya, Kanada, Yaponiya, Iordaniya, Kuvayt, Moldova, Niderlandiya, Nigeriya, Shimoliy Makedoniya, Pokiston, Filippin, Portugaliya, Qatar, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Afrikada – 5 oktyabr, Albaniya – 7 Mart, ilk maktab qurilgan sana, Argentina – 11 sentyabr, Avstraliya – oktyabrning oxirgi jumasi, Belarus, Latviya va Qozog‘istonda – oktyabr oyining birinchi yakshanbasi, Boliviya – 6 iyun, Braziliya – 15 oktyabr, Chili – 16 oktyabr, Xitoy – 10 sentyabr – Konfutsiy tug‘ilgan kun, Kolumbiya va Meksikada – 15 may, Kosta Rika va Kubada – 22 dekabr, Chexiya – 28 mart, Misr – 28 fevral, Fransiya – 27 noyabr, Gretsiya – 30 yanvar, Gvatemala – 25 iyun, Eron – 2 may, Iroq – 1 Mart, Italiya, Ispaniya va Shveysariyada – 27 noyabr, Malayziya – 16 may, Yangi Zelandiya – 29 oktyabr, Falastin – 14 dekabr, Paragvay – 30 aprel, Peru – 6 iyul, Polsha – 14 oktyabr, Singapur - sentyabrning birinchi jumasi, Slovakiya – 28 mart, Janubiy Koreya – 15 may, Suriya - martning uchinchi payshanbasi, Turkiya – 24 noyabr, Buyuk Britaniya – 19 iyun, AQSHda – mayning birinchi seshanbasidan 1 hafta dam olish, Urugvay – 22 sentyabr, Vetnam – 20 noyabr, Yaman – 28 fevral.
“Xalqaro ustoz va murabbiylar kuni” esa 5 oktyabrda keng nishonlanadi.
Global e’tirof: O‘qituvchilar kuni sanasi mamlakatlarda farq qilsa-da, mohiyatan bir xil – muallimning jamiyatdagi beqiyos o‘rnini tan olish. Zero, shoir aytganidek:
Sizning ta’limingiz olmagan kim bor?
Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo san’atkor
Ilk bor sizga tomon ustoz, deb boqqan.
Musulmon Ziyo, O‘zA