“Samsung” LED televizorlari Toshkentda ishlab chiqarilmoqda
Poytaxtimizdagi “Zenith Electronics” qo‘shma korxonasida Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samsung” savdo belgisi ostida LED televizorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish liniyasining ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, “Zenith Electronics” qo‘shma korxonasi, “Samsung Electronics” kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbar va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi raisining o‘rinbosari J.Ismoilov, “Zenith Electronics” qo‘shma korxonasi bosh direktori F.Abdrshin va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi izchillik bilan amalga oshirib kelinayotganini ta’kidladi. Mazkur jarayonda elektron soha korxonalari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, “Zenith Electronics” qo‘shma korxonasida televizorning elektron boshqaruv platasi, old panellari, orqa tomoniga qo‘yiladigan qopqoqlar, penoplast qadoqlash buyumlari ishlab chiqarish mahalliylashtirildi. Bu butlovchi qismlar umumiy hajmining 35 foizini tashkil etadi.
Yassi panelli LED televizorlari ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani korxonani rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Janubiy koreyalik sheriklar bilan samarali hamkorlik qisqa muddatda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni xalqaro sifat standartlariga muvofiq yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Ushbu jarayon doirasida uskunalar modernizatsiya qilinib, plastik buyumlar quyish va elektron platalar ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi joriy etildi. Xususan, zamonaviy komputerlashtirilgan liniya 0,3 millimetrdan 30 millimetrgacha bo‘lgan elektron tarkibiy qismlarni o‘rnatishga qodir.
Ta’kidlash joizki, LED televizorlari ishlab chiqarishda mahsulotning dizaynini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun qo‘shma korxonada yuqori darajada sayqal berilgan mustahkam korpus buyumlari va boshqa tarkibiy qismlar ishlab chiqaradigan yangi uskuna o‘rnatilgan.
Tayyor mahsulotlarni yig‘ish sexi boshlig‘i R.Qayumovning ta’kidlashicha, ayni paytda mavjud ishlab chiqarish quvvatlari kuniga 32 dyuym diagonalli 400 dona televizor ishlab chiqarish imkoniga ega. Kelgusida ishlab chiqarish quvvatini kuniga 500 donaga, diagonal hajmini esa 40 dyuymga yetkazish rejalashtirilmoqda. Umuman olganda, 2017-yilda korxonada ishlab chiqariladigan televizorlar soni 75 mingdan oshadi.
“ Zenith Electronics” kompaniyasi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi qariyb 3 million AQSh dollarini tashkil etadi.
– O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar tizimi O‘zbekiston va Janubiy Koreya korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda, – deydi “Samsung Electronics” kompaniyasi vakolatxonasi rahbari Sing Suk Choy. – Bugungi kunda “Zenith Electronics” qo‘shma korxonasida kompaniyamiz bilan hamkorlikda avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarilmoqda. LED televizorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tish joizki, “Zenith Electronics” mamlakatimizda maishiy texnika ishlab chiqaradigan yetakchi korxonalardan biridir. Ayni paytda kompaniya tomonidan televizor, konditsioner, kir yuvish mashinalari tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarish jarayoni ISO 9001 sifat menejmenti tizimiga mos ravishda sertifikatlangan.