Samimiy, hayotiy, real asarlar muallifi
Toshkent Fotosuratlar uyida umidli yosh musavvir Umidjon Alimov asarlaridan iborat "Qishloq anatomiyasi" nomli ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan an’anaviy xalqaro Tasviriy va amaliy san’at haftaligi doirasidagi ushbu ko‘rgazmaga har qachongidan ham ko‘proq tomoshabin yig‘ildi.

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Botirobod qishlog‘ida o‘sib ulg‘aygan Umidjonning kartinalarini hayrat, zavq, havas bilan tomosha qilish mumkin. Sababi, yosh rassom asarlarida oddiy hayot nafasi bilan birga, ruhiyat, kayfiyat, kundalik muhit mujassam. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kartinalardagi tasvirlarning bari tomoshabinlar qalbiga juda yaqin va tanish, qadrdon manzaralardan iborat.
Bola opichlagan buvi, o‘rtog‘ini chaqirishga shaylanib darvoza yonida taraddudlanib turgan bolakay, singilchasini velosipedda uchirayotgan mehribon aka, ariqda kulcha oqizayotgan kichkintoylar...

Tasviriy san’atning realizm uslubidagi bu asarlarga gipperealizm hamda fotorealizm yo‘nalishlari ham biroz qorishib ketgani e’tiborlidir.
Umidjondan bunday betakror ijod yo‘li, o‘ziga xos uslubga ega bo‘lishida nimalar turtki berganini so‘radik.

–Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida san’atshunoslar, muzeyshunoslar bilan birga o‘qir edik, – dedi Umidjon Alimov. – O‘qish juda qiziqarli edi. Institutni bitirgach, hamma o‘z yo‘lidan ketdi. Bir kuni chet elga chiqib ketgan kursdoshim Toshkentga kelib, ko‘rgazma zallarini ko‘rsatishimni so‘radi. Birgalikda "Tabiat va rassom" ko‘rgazmasini tomosha qildik. Afsuski, ko‘rgazmada mening ishim yo‘q edi. Do‘stim menga o‘z ijod uslubim bo‘lishi zarurligini, iste’dodni isrof qilmaslik kerakligini aytdi. Uning so‘zlari menga qattiq ta’sir qilib, tinimsiz izlana boshladim. Bu ishlarim muttasil izlanish natijasidir.

–Umidjon betinim izlanadigan ijodkor, – dedi yosh musavvirning ustozi, O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov. – Uning ishlari xorijda ham katta e’tibor va shuhrat topishiga ishonaman. Umidjon kelajakda ishonchni oqlaydigan rassom bo‘ladi.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar son jihatdan ko‘p bo‘lmasa-da, lekin ular har bir san’at muxlisiga zavq bag‘ishlashi tayin.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri