Samarqandlik yurtdoshlarimiz Haj ziyoratiga yo‘l oldi
Ayni kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlari muqaddas islom dinining farz amallaridan biri bo‘lgan haj ibodatini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l olmoqda. Buning uchun yurtimizdan Saudiya podshohligiga maxsus aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatidan bu yilgi Haj mavsumida 920 nafardan ortiq yurtdoshimizning muborak safarga borishi rejalashtirilib, shu paytgacha ular belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, hujjatlari rasmiylashtirildi.


Bugun ertalab Samarqand xalqaro aeroportida ziyoratchilarning dastlabki guruhi Madina shahriga kuzatildi. Ularni kuzatish marosimida bo‘lajak hojilarning yaqinlari bilan birga viloyat hokimligi, din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi mas’ullari ishtirok etdi.

– Viloyatimizdagi millionlab insonlar orasida sizlarga bu yilgi Haj ziyoratiga borish nasib etgani bilan tabriklab, Yaratganga hamdu sanolar aytamiz, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon Alimov. – Har bir mo‘min orzu qiladigan muborak safar davomida ulug‘ muhaddislar, allomalar yurtidan ekanligingizni go‘zal xulqingiz, chiroyli ibodatlaringiz bilan namoyon etishingizga ishonamiz. Bir necha kundan so‘ng barchangizni hojilik maqomida Samarqandda kutib olish niyatida sizlarga oq yo‘l tilaymiz.


Samarqandlik ziyoratchilar bugun va ertaga Samarqand shahridan maxsus reyslar orqali Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri