Samarqanddagi “qo‘ylar tomoshasi”ga izoh berildi
O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasida sohada erishilgan natijalar va galdagi vazifalarga bag‘ishlangan press-tur va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda dastlab jurnalistlar qo‘mitada tashkil etilgan mamlakatimiz agrar sohasining ushbu ikki muhim tarmog‘ini rivojlantirishga oid ko‘rgazma bilan tanishdi. Qo‘mita raisi Bahrom Sharipov OAV xodimlarini so‘nggi 4 yil mobaynida pillachilikda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, qorako‘lchilik tarmog‘ini qayta tiklash va taraqqiy ettirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Press-tur doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida B.Sharipov jurnalistlarning shu yilning 6 aprelida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati Nurobod tumani “Qilichli” MFY ayrim fuqarolari tomonidan sodir etilgan tartibsizlik bo‘yicha jurnalistlarning savollariga javob berdi.
– Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar tomonidan mahalliy hokimiyat binosi hududiga qo‘ylar haydab kelinib, sodir etilgan norozilik namoyishi to‘liq o‘rganildi, – dedi B.Sharipov. –Prezidentimizning 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Samarqand viloyatidan 707 ming gektar, shu jumladan, Nurobod tumanidan 348,2 ming gektar yaylov Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligiga o‘tkazilgan.

Viloyatda 3 ta qorako‘lchilik klasteri tashkil etilgan bo‘lib, qo‘mita tomonidan mavjud yaylov yer maydonlari hosildorligi, holati va tumanlardagi qo‘y bosh sonlariga asosan qorako‘lchilik klasterlariga 49 yil muddatga nol stavkada ijaraga berilgan. Bu holat esa “Qilichli” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi hech qanday tegishli hujjatlarsiz yaylovdan foydalanib kelgan odamlar e’tiroziga sabab bo‘lgan. Ikkita fermer xo‘jaligining 2 mingdan ortiq qo‘ylari 2021 yil 6 aprel kuni soat 16:00 larda tuman markazida joylashgan Nurobod tumani hokimligi hududiga haydab kelingan. Surishtiruvlar natijasida mazkur qo‘ylarning bir qismi Qattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Sohibkor Xojiakbar” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan.
– Menga 834 gektar yaylov maydoni ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan, – dedi “Sohibkor Xojiakbar” fermer xo‘jaligi rahbari Erkin Ergashev. – U yerda 1 ming 450 bosh qo‘yni boqib, aholiga sifatli jun va teri xomashyosi, go‘sht mahsulotlarini yetkazib beramiz. “Qilichli” mahalla fuqarolar yig‘ini Oxun qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 15 ga yaqin fuqarolar tomonidan yaylovlardan ijara shartnomalarisiz bepul foydalanish ilinjida klaster rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar “ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish” maqsadida o‘sha kuni kechki payt mening fermer xo‘jaligimga tegishli bo‘lgan 1 ming 450 bosh qo‘y cho‘ponlarni qo‘rqitish orqali hokimlik oldiga olib kelingan. Hokimiyat oldiga haydab kelingan va qoidabuzarlarning o‘zi shu zahotiyoq voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan. Bu o‘zini foydasini o‘ylagan fuqarolar tomonidan uyushtirilgan tomosha halos.
Qo‘mita raisi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu qoidabuzarlikni tashkil etganlar va ishtirokchilarning harakatlariga qonuniy baho berilib, ularga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi belgilanganligini ma’lum qildi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA