Samarqanddagi 105 maktab shaxmatga ixtisoslashadi
Bu haqda bugun maktablarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, o‘quvchilar o‘rtasida shaxmatni keng targ‘ib qilish va o‘rgatishga bag‘ishlangan davra suhbatida aytildi.
Viloyatdagi shaxmat, jismoniy tarbiya va sport uyushmalari rahbar-xodimlari ishtirok etgan muloqot jarayonida “Maktabda shaxmat” loyihasi va mazkur loyihani tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

– “Maktabda shaxmat” loyihasi doirasida umumta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini shaxmatga o‘qitish, qamrovni yildan-yilga oshirish ko‘zda tutilgan, – dedi Samarqand viloyati shaxmat federatsiyasi raisi Zebiniso Shodiyeva.
– Shu maqsadda viloyatdagi 105 ta maktabni shaxmatga ixtisoslashtirish, maktablar o‘rtasida turnirlar o‘tkazib, eng sara shaxmatchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Davra suhbatida salohiyatli yosh shaxmatchilarni tayyorlovchi trenerlarni maktablarga jalb qilish, olib borilayotgan ishlar va natijalarni har chorakda monitoring qilib borish masalalari kelishib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA