Samarqandda yoshlar festivali
Samarqand shahrida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida viloyat yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar shahardagi Amir Temur, Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bek haykallari poyiga gullar qo‘yish bilan boshlandi.
Shundan so‘ng kun davomida oliy o‘quv yurtlari, sport maskanlari, bog‘ va xiyobonlar, madaniyat muassasalarida tanlov va intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari, yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, kam ta’minlangan oila farzandlarining turistik markazlarga sayohatlari, mehnat yarmarkalari o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallar topshirish marosimi =am bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil shahardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 7239 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning 407 nafari oltin, 20 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi. A’lochi o‘quvchilarni Oliy Majlis Senati a’zolari Rustam Xolmurodov, Farmon Toshev, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, faollar tabriklab, ularga katta hayotda oq yo‘l tiladilar.
[gallery-17959]
Tadbirda o‘quvchilarning ustozlariga qimmatbaho sovg‘a va pul mukofotlari topshirildi.
Sartepadagi sport majmuasida qizlar o‘rtasida badiiy gimnastika va yosh sportchilar jamoalari o‘rtasida futbol musobaqalari ochilishida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi S.Rafiqov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev ishtirok etib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘quvchilar o‘rtasida viloyat hokimi fan olimpiadasi o‘tkazildi. Unda barcha tuman va shaharlardan kelgan iqtidorli yoshlar qatnashdi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida kimyo fani bo‘yicha olimpiadada ellikka yaqin 10-11-sinf o‘quvchisining bilimi sinovdan o‘tkazildi.
Natijalarga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida birinchi o‘rinni Paxtachi tumanidagi 37-maktab o‘quvchisi Zulfiyaxon Maxsiddinova, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa Payariq tumanidagi 14-maktab o‘quvchisi Olovuddin Abduraimov egalladi.
O‘quvchilarga diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shahardagi “Vatanparvar” bog‘ida targ‘ibot va sport tadbirlari o‘tkazildi.
– Harbiy qismimizda yoshlar oyligi davomida har kuni “Ochiq eshiklar kuni”, turli ko‘rgazma va boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda, – deydi podpolkovnik Azamat Soatov. – Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarimizdan iborat targ‘ibot guruhi chekka tumanlarga chiqib, yoshlarga milliy armiyamizning salohiyati, harbiylik, harbiy xizmat haqida tushuncha bermoqda. Ko‘rgazma va uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Bugungi ko‘rgazmada ham o‘ttizdan ortiq harbiy qurol-aslaha va texnikalarni namoyish etdik.
Tadbirda harbiy xizmatchilarning farzandlari orasida “Yosh shaxmatchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni” va insholar tanlovlari o‘tkazildi.
Yoshlar festivali doirasida Samarqand shahridagi muz saroyida havaskor yoshlar o‘rtasida, IT Park Samarqand filialida esa axborot texnologiyalari bilimdonlari ishtirokida “Robotech-2024” robototexnika musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Festival tadbirlari yakunida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, samarqandlik yoshlarni qutladi. Viloyatning faol yoshlari hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan tashkilotlar viloyat hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi.
Konsert dasturi taniqli san’atkorlarning chiqishlari bilan davom etdi va mushakbozlik bilan yakunlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari