Samarqandda murojaatlar 9 foizga kamaydi, lekin...
Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev ishtirokida aholi murojaatlari, ularda ko‘tarilgan muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
A.Boboyev davlatimiz rahbarining joriy yil 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari hamda “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim o‘z samarasini berayotganini qayd etdi.
– Viloyatimizda ham aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish bo‘yicha shtab tuzildi hamda tegishli idoralardan 29 nafar mas’ul biriktirildi, – dedi viloyat hokimi. – Barcha tuman va shaharlarda aholi murojaatlarini tahlil qilish va manzilli hal etish yo‘lga qo‘yilib, oyma-oy amalga oshiriladigan harakatlar rejalari ishlab chiqildi. Hokimlar, boshqarma va idoralar rahbarlarining Xalq qabulxonalarida va joylarda sayyor qabullar o‘tkazish vaqtlari belgilanib, bundan aholi xabardor qilindi. Natijada aholi tomonidan bevosita mazkur qabullarda rahbarlarga murojaat qilinib, ko‘p masalalar joyida hal etilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 27-iyun kuniga qadar Virtual va Xalq qabulxonalariga samarqandliklardan 39,2 mingta murojaat tushgan va bu raqam o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga kamaygan. Ushbu murojaatlarning 40 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Samarqand shahri (6168 ta), Pastdarg‘om (4328 ta), Urgut (3689 ta), Payariq (2920 ta), Kattaqo‘rg‘on (2687 ta), Narpay (2616 ta), Paxtachi (2575 ta) va Ishtixon (2511 ta) tumanlaridan tushgan. Murojaatlarda moddiy yordam va nafaqa ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr va gaz ta’minoti, bandlik va ishga joylashtirish, qurilish, aliment va qarz undirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichki ishlar, bank tizimiga doir masalalar ko‘p uchramoqda.

Brifingda qayd etilishicha, aholi muammolarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ayrim idora va tashkilotlar, shahar va tumanlar rahbarlarining sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani kuzatilmoqda. Masalan, ba’zi boshqarma va idoralar, hokimliklar tomonidan murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayapti, byurokratiya va sansalorlikka yo‘l qo‘yilib, muammolar hal etilmayapti. Oqibatda quyi tizimda hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuqori idoralargacha ko‘tarilmoqda, takroriy murojaatlar ko‘paymoqda.
Viloyat hokimi murojaatlar tahlili hamda joylarda bu boradagi olib borilayotgan ishlardan kelib chiqib, murojaatlar bilan ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilanganini ta’kidladi.
Xususan, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini inobatga olgan holda, ularning o‘z vaqtida va sifatli hal etilishi ta’minlanadi. Takroriy murojaatlarning oldini olish maqsadida tizimli muammolar yechimiga e’tibor kuchaytiriladi. Rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati oshiriladi hamda murojaatlar bilan ishlash jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlari keng joriy etiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri