Samarqandda hunarmandlar festivali
Samarqand shahrida ''Silk road bazaar'' hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Butunjahon turizm kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 60 nafar hunarmand ishtirok etdi.

--Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, avvalo, tajriba almashish, -- deydi ''Hunarmand'' uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Umid Hakimov.-- Ko‘rgazmada ko‘hna kentimizga kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan noyob qo‘l mehnati asarlarini namoyish etyapmiz.
Mehmonlar esdalik uchun mahsulotlarni sotib olishlari ham mumkin.

Tadbir doirasida samarqandlik hunarmand, tabiiy bo‘yoqlar yordamida ipak matosiga gul bosuvchi Shoira G‘aniyeva tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.
Toshkentlik hunarmand Roziya Jumanazarova Avstraliya qo‘y junidan tayyorlangan bosh va oyoq kiyimlarni namoyish etdi.

-- Bu mahsulotlar inson salomatligi uchun foydali,-- deydi Roziya Jumanazarova. - Tarixiy shaharda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada qatnashayotganimdan xursandman. Mahsulotlarimni xorijlik sayyohlar katta qiziqish bilan tomosha qilyapti va sotib olyapti.
Ko‘rgazma doirasida ''Ajdodlar merosi: o‘tmish tarixi, an’ana va tajriba'' nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari