Samarqand – xalqaro do‘stlik va hamkorlik muloqoti markazi (+video)
Yaqin kunlarda qadimiy va navqiron Samarqand shahrida Birodar shaharlar birinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston va turli mamlakatlar shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, madaniy-gumanitar muloqotni kengaytirish hamda iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Forum arafasida “O‘zbekiston – Vengriya” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, O‘zMU dotsenti Otabek Alimardonov hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Ozodbek Quvondiqov bilan O‘zA uchun maxsus suhbat uyushtirdik.

Muloqotda ekspertlarimiz diyorimizda xalq diplomatiyasi, birodar shaharlar institutining xalqaro munosabatlardagi o‘rni, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb jihatlari hamda o‘lkamizning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar xususida atroflicha fikr bildirishdi.
Ayniqsa, suhbatda mazkur konferensiya mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiya va turizm imkoniyatlarini yaratish, shaharsozlik, raqamlashtirish, ekologiya va madaniy merosni asrash borasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lishi qayd etildi.

Samarqandda o‘tkaziladigan Birodar shaharlar birinchi xalqaro forumi nafaqat shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, balki xalqlar do‘stligi, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuv g‘oyalarini yanada keng targ‘ib etishda muhim voqea sifatida tarixda munosib o‘rin egallashi kutilmoqda.
Ushbu suhbatni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘tkir Alimov,
Nishonboy Abduvoitov (video),
O‘zA