Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev Toyloq tumanida mahallalarning faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan tuman rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida o‘z binosiga ega bo‘lmagan bitta mahalla uchun bino qurish, shuningdek, nuroniylar maskani va yoshlar markazi tashkil etish uchun uyushma jamg‘armasidan 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi.

***
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining ayrim yo‘nalishlari talabalari o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini xorijda o‘tamoqda. Institutning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Husniddin Pardayevning ma’lum qilishicha, bu yil 132 nafar talaba Germaniyaning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash kompaniyalariga haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotiga yuborildi. Shuningdek, 24 nafar talaba “Agrisool” loyihasi doirasida Polshada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tadi. Avgust-oktyabr oylarida yana 66 nafar talaba Germaniyaga amaliyotga yuborilishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yili institutning 200 nafarga yaqin talabasi xorijda amaliyot o‘tagan edi.

***
Samarqand shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida 16-21 va 22-30 yosh toifasida stritbol bo‘yicha “C” liga musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Paxtachi tumanining Suluvqo‘rg‘on mahallasi, xotin-qizlar o‘rtasida ham shu tumanning Sardoba mahallasi jamoalari g‘olib bo‘ldi. 22-30 yosh toifasidagi erkaklar bahslarida Narpay tumanining Amir Temur mahallasi yoshlariga teng keladigani topilmadi.
Musobaqada birinchi o‘rinni egallagan jamoalar mahallasida universal sport maydonchalari qurib beriladi.

***
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zakovat” intellektual o‘yinining Samarqand viloyat bosqichi o‘tkazildi.

16 jamoa qatnashgan tanlovda Payariq tumani yoshlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri