Samarqand sammiti tarixiy anjuman bo‘ladi – ekspert
16-17 sentyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida SHHTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda davlat rahbarlari muhokama qilgan muhim masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat FOZILOV o‘z fikrlarini bildirdi.

– Yuqori darajali sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Ushbu sammitning bir necha o‘ziga xos jihatlarini aytib o‘tish mumkin. Masalan, bu yil SHHTning 20-yillik yubiley sammiti bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida a’zo davlatlar rahbarlari SHHT faoliyati, jumladan, tashkilot doirasida o‘tkazilgan tadbirlar va ularning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar va rivojlantirilishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi tobora ortib bormoqda. Boisi, bu galgi sammitda Saudiya Arabistoni, Qatar va Bahrayn kabi mamlakatlarga muloqot bo‘yicha sheriklik maqomi berildi. Qolaversa, Eron Islom Respublikasini SHHTga to‘laqonli a’zo davlat sifatida qo‘shish jarayoni boshlandi.
Men SHHTning nufuzini ko‘rsatuvchi ayrim raqamlarga to‘xtalmoqchiman. Jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizdan ortig‘i aynan SHHTga a’zo davlatlarga to‘g‘ri keladi. Bu juda katta ko‘rsatkichdir.
So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston SHHT doirasida misli ko‘rilmagan natijalarga erishdi, Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslar, pragmatik tashqi siyosat va dolzarb muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bildirayotgan takliflar a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Afg‘onistondagi vaziyat sammit kun tartibidagi muhim masala sifatida o‘rin olgandi. SHHTga a’zo davlatlarning aksariyati ushbu mamlakat bilan chegaradosh, bu yerdagi jarayon tashkilot faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Shu bois, bugungi sammitda ushbu mavzuga alohida urg‘u berildi.
Davlat rahbarlari bir ovozdan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ushbu mamlakatda barcha etnik guruhlarni qamrab oladigan inklyuziv hukumat tuzilishi hamda to‘g‘ri siyosat olib borilishi tarafdori ekanini tasdiqladilar.
Sammit so‘ngida SHHTda raislik O‘zbekistonga o‘tdi. O‘zbekiston 2022 yil sentyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitgacha tashkilotga raislik qiladi, bu katta ma’suliyat. Mamlakatimizda tashkilotga raislik bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilgan va tadbirlar rejasi muvofiqlashtirildi. Samarqand sammiti tarixiy anjuman sifatida yodda qoladi, unda qator sohalar muhokamasi ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy, madaniy va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha har tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etilib, muhim qarorlar qabul qilinadi.
O‘zA maxsus muxbiri Temur Mamadaminov yozib oldi.
Dushanbe