Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga aylanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.
–Yuqorida aytib o‘tilgan barcha taklif va tashabbuslarni biz Osiyo taraqqiyot banki bilan faqat suveren kreditlar doirasida emas, balki davlat-xususiy sheriklik, kafolat instrumentlari, aralash moliyalashtirish va xususiy kapitalni jalb etish orqali faol hamkorlikda amalga oshirishga tayyormiz.
Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirishni taklif etamiz, – dedi Prezidentimiz.
Hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan keskin o‘zgarishlar Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdagi muhim o‘rnini yanada oshirayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston bank prezidenti, xalqaro moliya va iqtisodiy munosabatlar sohasida katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan Masato Kandaning olib borayotgan samarali islohotlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.
Bugungi anjumanda dunyoning 100 dan ortiq davlati, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalarning nufuzli ekspertlaridan iborat 4 mingdan ziyod vakillar qatnashmoqda.
–Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonaman, – dedi Prezidentimiz va ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zA