Samarqand Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti bo‘ladi
Samarqandda 30-may – 6-iyun kunlari yilning ekologiya sohasidagi eng muhim xalqaro tadbirlaridan biri Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi va uning doirasida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlarda 180 dan ortiq davlatdan vazirlar va soha mas’ullari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes, ilmiy jamoatchilik, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda. Assambleya doirasida yuqori darajadagi yalpi majlislar, vazirlar uchrashuvlari, mavzuli davra suhbatlari, fuqarolik jamiyati forumlari, loyihalar taqdimotlari, ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.
4-iyun kuni “Silk Road Samarkand” majmuasi Kongress markazida Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Assambleya ishtirokchilariga tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida bugungi kunda insoniyat misli ko‘rilmagan inqirozlar – iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelayotganini qayd etib, bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamg‘arma alohida o‘rin egallab kelayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga mamlakatimizda ekologik transformatsiya yangi taraqqiyot modeli sifatida ko‘rilayotgani va tizimli loyiha boshqaruviga o‘tib, atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillik, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish, ekologik ta’lim va madaniyatni qamrab olgan beshta milliy loyiha amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan.
Tabrikda Prezidentimiz tomonidan bir qator tashabbuslar ham ilgari surildi. Jumladan, Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilish taklif etildi. Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qoshida Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilayotgani ma’lum qilindi. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilayotgani bildirildi. Cho‘llanishga qarshi kurash instituti negizida Orolbo‘yida cho‘llanish oqibatlarini yumshatish, “yashil” qalqonlar barpo etish va iqlim moslashuviga qaratilgan “cho‘l iqtisodiyoti” tashabbusi ilgari surilib, uni global ekologik jamg‘armaning ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohang holda xalqaro moliyaviy hamda texnik ko‘mak asosida amalga oshirishni taklif etildi.
Bundan tashqari, 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida o‘tkazilishi va uning doirasida “Eco Expo Central Asia” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etilishi tashabbusi ilgari surildi.
E’tiborli jihati, davlatimiz rahbari tabrigida O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Marosimda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, BMTning Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi Rolf Payet, Global ekologik jamg‘arma bosh direktori hamda strategiya va operatsiyalar bo‘yicha direktori Klod Gaskon so‘zga chiqib, Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi yuksak saviyada tashkil etilgani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi hamda global ekologik muammolarni hal etishda mazkur xalqaro forumning ahamiyatiga to‘xtaldi.
[2026-06-05 11:05] Nilufar Bozorova: – Bundan 35 yil avval, 1991-yilda tashkil etilgan Global ekologik jamg‘arma (GEF) ma’lum bir hudud va davlatlarga emas, balki butun dunyo atrof-muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olish va global ekologik tahdidlarga qarshi kurashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi, – dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen. – Va bugun ushbu tashkilot dunyo davlatlarini o‘z atrofida birlashtirib, bu maqsadlar yo‘lida ish olib bormoqda, ekologik muammolarga samarali yechimlarini taklif etmoqda. Bu yechimlar a’zo davlatlarga atrof-muhitni himoya qilish, ifloslanishga qarshi kurashish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam bermoqda.
O‘zbekiston 1995-yilda GEFga qo‘shilganidan buyon turli milliy va mintaqaviy grantlar orqali muhim natijalarga erishib kelmoqda. Bu grantlar noyob landshaftlarni asrash, ozon qatlamiga zarar yetkazuvchi moddalarni bosqichma-bosqich kamaytirish, kam uglerodli transport tizimlarini rivojlantirish uchun tezkor avtobus yo‘laklarini joriy etish hamda ekologik muammolarni hal etish salohiyatini oshirishga xizmat qildi. Jumladan, Markaziy Osiyo transchegaraviy bioxilma-xillik loyihasi va Orol dengizi havzasi dasturlari orqali davlatlararo ekologik boshqaruv va iqlim barqarorligi mustahkamlandi. Mamlakatimiz GEF ko‘magida oziq-ovqat tizimlari, yer resurslari va ekotizimlarni tiklash dasturlarida ishtirok etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi global ekologik maqsadlarga erishish bo‘yicha tezlashtirilgan yo‘l xaritasini belgilaydi. Samarqanddagi forum dasturi doirasida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish kabi masalalar muhokama qilinmoqda. Jamg‘armaning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan yangi moliyaviy dasturiga (GEF-9) alohida e’tibor qaratilib, tabiat, iqlim va ifloslanishga qarshi kurash masalalarini birlashtiruvchi kompleks yondashuv ishlab chiqiladi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri