Samara har bir ishning asosiy mezonidir
Sohada qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning qonuniyligi va samaradorligini aniqlash uchun ularning oʻz vaqtida bajarilishi nazorat qilingandagina tashkilot faoliyati samarali boʻladi.
Sohada qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning qonuniyligi va samaradorligini aniqlash uchun ularning oʻz vaqtida bajarilishi nazorat qilingandagina tashkilot faoliyati samarali boʻladi. Nazorat oʻz navbatida, shartnoma va ijro intizomiga rioya qilishga hissa qoʻshadi va xodimlardan yuqori kasbiy mahorat va malakani talab qiladi.
Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda huquqni qoʻllash amaliyotini nazorat qilib borish, huquqbuzarliklar sodir qilinganda tegishli choralarni koʻrib borishda katta qadamlarni tashlamoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9 oyi davomida boshqarma xodimlari tomonidan vakolatli organlarning 25 mingdan ortiq qonun buzilish holatlarini aniqlangan. Xususan, davlat xizmatlarini koʻrsatishda belgilangan muddatlarni buzish holatlari - 21 691 tani, toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilishi holatlari – 2 000 tani tashkil qilib, qolgan 1 500 tasi boshqa qonun buzilish holatlari sababli aniqlangan.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, Davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlari davlat idoralari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilishi maʼmuriy javobgarlikka olib keladi.
Hisobot davrida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan boshqarma xodimlari tomonidan 160 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 3 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar davlat xizmatlari sifatini oshirish bilan bir qatorda ushbu yoʻnalishda huquqbuzarliklar sonini yildan-yilga kamaytirishga xizmat qilib kelmoqda.
Jumladan, statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-2020-yillarda boshqarma tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar soni qariyb 4 499 taga kamaygan. Yaʼni, 2019-yilning yanvar-sentyabr oylarida aniqlangan qonun buzilishi holatlari 30 315 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilning shu davrida koʻrsatkich 25 816 tani tashkil etdi.
Umuman olganda, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan viloyatda davlat xizmatlari koʻrsatilishida qonun buzilish holatlari kamayganligi, ushbu sohadagi tizimli ishlarning samarasi hamda davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlar xodimlarining bu yoʻnalishdagi huquqiy bilim va masʼuliyatlarining ortganligi bilan izohlanadi.
Shahnoza YAQUBOVA, Davlat xizmatlari agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi yetakchi mutaxassisi