Sahro mo‘’jizasi: Saudiya Arabistonining muvaffaqiyat va yuksalish yo‘li
Shu kunlarda Saudiya Arabistoni tashkil topganligining 94 yilligi keng nishonlamoqda. Podshohlikning milliy bayrami Toshkentda ham keng tantana qilindi.
Asrlar mobaynida qaqrab yotgan sahro, yashash uchun eng oddiy qulayliklardan mahrum bo‘lgan shaharlar va qishloqlardan iborat mamlakat bugungi kunda dunyodagi eng qudratli iqtisodiyotlardan biriga aylanib, katta yigirmalik guruhiga kiradi, tadbirkorlik va yirik sanoat loyihalarini amalga oshirishda yetakchilardan sanaladi, dunyo miqyosidagi sammitlar, anjumanlar, forumlar, ko‘rgazmalar va musobaqalarga mezbonlik qiladi. Xususan, mamlakatning “EXPO-2030 va 2034-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishga hozirlik ko‘rayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu yuksalishda neft resurslarining kashf etilishi va undan oqilona foydalanish muhim rol o‘ynadi. Ammo, faqatgina tabiiy boyliklar bilan cheklanib qolmasdan, Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va inson kapitaliga investitsiya kiritish orqali muvaffaqiyatga erishdi.
Saudiya Arabistoni neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi va “qora oltin” eksport qiluvchi eng yirik davlat hisoblanadi. Neft sanoati mamlakat YAIMning katta qismini tashkil etadi va davlat byudjetining asosiy daromad manbaidir. Saudiya Arabistoni neft qaramligini kamaytirish va iqtisodiyotni diversifikatsiyalash bo‘yicha katta sa’y-harakatlarni amalga oshiryapti. Buning uchun turizm, sanoat, moliyaviy xizmatlar va texnologiyalar kabi sohalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Saudiya Arabistonining "Vision 2030" strategiyasi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va diversifikatsiyalash, ijtimoiy sohani takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan. Saudiya Arabistoni yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda, xususan yangi aqlli shaharlar qurilishiga katta mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Podshohlik katta miqdordagi valyuta zaxiralariga ega. Davlat byudjetining asosiy qismi neft daromadlari hisobiga shakllanadi. Ammo hukumat iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash sari katta qadam tashlagan.
Bir necha yil oldin Podshohlikning “2030-yilga nazar” strategiyasi ilgari surilib, uning samaralari va natijalarini 2030-yilga yetmay ham ko‘rmoqdamiz. Strategiya “hayotiy jamiyat, rivojlangan iqtisod, oldinga intilayotgan Vatan” kabi uch asosiy yo‘nalishga qaratilgan bo‘lib, yetakchi investitsiya kuchi, loyihalarni amalga oshirish va dunyodagi qit’alarni birlashtirish kabi uch ustunga suyanadi. Shubhasiz, strategiya va uning maqsadlari haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo bugungi yutuqlarda Ikki muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz va Valiahd shahzoda, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon boshchiligidagi hokimiyatning siyosiy irodasi muhim o‘rin tutadi.
Podshohlikda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi rejalar va dasturlar bilan bir qatorda mamlakatning mintaqa va xalqaro maydondagi siyosiy o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Shu doirada ko‘plab sammitlar va anjumanlar o‘tkazildi. Jumladan, Ko‘rfazdagi arab davlatlari hamkorlik kengashi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik muloqotning birinchi sammiti 2023-yilning 19-iyulida Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, sammit ishtirokchilarini mushtarak meros va manfaatlar, chuqur tarixiy rishtalar birlashtirib turadi. Ana shu vajdan mamlakatlarimiz rahbarlari ko‘ptomonlama va ikkiyoqlama siyosiy va strategik aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamda barqarorlik yo‘lida siyosiy muvofiqlashtirish ahamiyatini ta’kidladilar. Bundan tashqari, transport, komminikatsiya, oziq – ovqat xavfsizligi, energetika xavfsizligi va suv xavfsizligini kafolatlash, yashil va tiklanuvchi energetika manbalari va texnologiyalarini rivojlantirishda hamkorlik qilish, savdo aloqalari uchun sharoit yaratish, investitsiya imkoniyatlarini qo‘llab – quvvatlash va o‘zaro savdo ayirboshlash hajmini oshirish yo‘lida ishlash masalalari ko‘tarildi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi bugungi kundagi aloqalar ikkala davlat rahbariyatlarining strategik qarashlar orqali mushtarak manfaatlar va ikki qardosh xalq farovonligi yo‘lidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Podshohlikning “2030-yilga nazar” strategiyasi va “Yangi O‘zbekiston - 2030” strategiyasi asosida aloqalarimiz hammaga namuna va ibrat ekanligi bilan ajralib turadi. O‘tgan 10 yil ichida o‘zaro munosabatlarning rivojlangani ikkala mamlakat rahbarlari aloqalarni yanada kengaytirishga bo‘lgan azmu qarorlariga yaqqol dalil bo‘la oladi. Ikkala mamlakatdagi diplomatik va xizmat pasportlari egalarini kirish vizalaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani ham misol bo‘ladi.
Shuningdek madaniyat, ilm – fan va xavfsizlik kabi ko‘plab sohalarda hamkorlik qilinmoqda. O‘z tomonidan Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistondagi taraqqiyot loyihalariga mablag‘lar ajratmoqda. Iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi ishlar tez sur’atlarda o‘sib borayotganini ta’kidlash mumkin. Bunda O‘zbekistondagi investitsiyalar hajmi 26 mlrd. dollardan oshdi. Hamkorlik energetika, infrastruktura, texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va suv inshoatlari kabi loyihalarni qamrab olmoqda. “Aswa Powyer” va “Vision Invest” O‘zbekistondagi Saudiya investitsiyalarining lokomotivi hisoblanadi. Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasi hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlari “Aswa Powyer” yordamida barpo etildi.
Ta’kidlash joizki, Sirdaryodagi qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon beradi. Bundan tashqari, mintaqamizda ilk bor “yashil vodorod” ishlab chiqarish bo‘yicha o‘xshashi yo‘q korxona tashkil etildi. Ushbu “pilot” loyiha doirasida mamlakatimizda birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi, shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi 2018-yilda ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2030-yilga borib 2010-yilga nisbatan 10 foiz kamaytirish bo‘yicha miqdoriy majburiyatni o‘z zimmasiga olib, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Energetika vazirligi, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) va “Air Products” (AQSH) kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanadigan energetika va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ochiq kelishuv tuzilgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda Saudiya Arabistoni bilan birgalikda (yalpi quvvati 1500 MVt), Buxoro va Navoiy viloyatlarida (1000 MVt) shamol elektr stansiyalari (SHES) qurish ishlari boshlandi. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi 4 mln xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi va yiliga atmosferaga 2,5 million tonna is gazi chiqishining oldini oladi.
Past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda Saudiya Arabistoni tajribasini qo‘llash ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. Bu, o‘z navbatida, jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.
Umuman, “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda 7,5 milliard dollarlik yirik energetika loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish, 4,5 milliard kub metr gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli moddalar tashlanmalarini 3 million tonnagacha qisqartirish imkonini beradi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik 2031-yilgacha mamlakat o‘zining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizini qayta tiklanadigan manbalardan ta’minlash maqsadiga erishishiga yordam beradi.
Saudiya taraqqiyot fondi ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etilmoqda. Saudiya delegatsiyasining tashrifi doirasida kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 12 milliard dollarlik o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, transport infratuzilmasi va kommunal xo‘jaligi, geologiya, irrigatsiya, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, oliy ta’lim, mehnat migratsiyasi bo‘yicha umumiy qiymati 11 milliard dollarlik yangi loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishib olindi.
So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga kiritilgan sarmoyalar sezilarli darajada oshdi. Hozirda 40 dan ziyod qo‘shma korxona mavjud bo‘lib, ulardan 20 tasining faoliyati to‘laligicha Saudiya Arabistoni investorlari mablag‘lari asosida tashkil etilgan. Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bugungi hamkorlik ko‘rsatkichlari ikki davlatning mavjud salohiyati va imkoniyatlarini aks ettirmaydi. Shuning uchun O‘zbekiston hukumati Podshohlik bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish ustida ish olib bormoqda.
Qishloq xo‘jaligi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston ham, Saudiya ham oziq-ovqat sanoati va xavfsizligi bo‘yicha yetakchi davlatlardan. Podshohlikka oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlarni eksport qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, bu yerda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash markazi barpo etib, tayyor tovarlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Talab katta bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish maqsadidagi sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga kuchli turtki beradi. Misol tariqasida Saudi Aramco kompaniyasining O‘zbekistonda neft va gazni qidirish, qazib olish va qayta ishlashga jalb etilishini keltirish mumkin.
Hozirgi paytda Saudiyaning “Al-Habib Medical Group” kabi yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va oshirilmoqda. “Al-Habib Medical Group” ko‘magida barcha tibbiy ma’lumotlarni hamda bemorlar bilan o‘zaro aloqa qilish jarayonlarini raqamlashtirish va markazlashtirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar O‘zbekiston sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimiga joriy etilmoqda. O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash bo‘yicha “Al-Habib Medical Group” tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston va Saudiyaning “SABIC” kompaniyasi amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda, bu maqsadda mamlakatimizda MTO (metanoldan olefin olish) va MTR (metanoldan propilen ishlab chiqarish) texnologiyalaridan foydalangan holda investitsiya loyihalarini, shuningdek, kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutilmoqda. Saudiyaning “Savola Group”, “SALIC”, Almarai, Tamimi Group kabi yirik kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotni qayta ishlagan holda talab yuqori bo‘lgan bozorlarga eksport qilish bo‘yicha korxonalari birgalikda yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Islom taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida Mikrokorxonalarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi tashkil etildi.
2021-yilda O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi O‘zbekiston-Saudiya investitsion sherikligini yanada kengaytirishning muhim mexanizmlaridan biri bo‘lib, uning tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun 200 mln dollarga yaqin mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni davlat investitsiya jamg‘armasi (jami aktivlari 390 milliard dollar bo‘lgan dunyodagi eng yirik suveren investitsiya fondlaridan biri) mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va investitsiya muhitini yaxshilash chora-tadbirlari nuqtai nazaridan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi deb hisoblaydi. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda muhim moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi serqirra hamkorlik xavfsizlik va gumanitar sohalardagi sa’y-harakatlarni ham qamrab olgan. Afg‘onistondagi gumanitar inqirozga barham berish eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, hukumatimiz Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli tashabbus va dasturlarni ishlab chiqmoqda. O‘zbekiston janubidagi Termiz shahrida afg‘on yoshlariga ta’lim olish va ularni mehnat bozoriga tayyorlash uchun ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazlar tashkil etilgan. Mamlakatimiz Afg‘onistonni imkoniyatlar hududiga aylantirish uchun rekonstruksiya dasturlari taklif etmoqda, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashish ustida ishlayapti. Hamkor davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga bu yo‘nalishda yordam bermoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda. Tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish, xususan, “Mozori – Sharif – Xirot” temir yo‘li va “Surxon–Puli – Xumri” elektr uzatish liniyalarini qurish bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Saudiya Arabistoni Samarqand – G‘uzor avtomobil yo‘lining bir qismi qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etdi.
Ikki mamlakat “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon – Qatar” xalqaro transport yo‘lagi doirasida o‘zaro hamkorlik qilmoqda, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga imkon beradi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining jahon bozorlariga chiqishiga va Ko‘rfaz davlatlari, shu jumladan Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan hamkorligini mustahkamlashga yordam beradi.
Shu nuqtai nazardan, Saudiya podshohligi katta iste’mol bozoriga ega ekanligi va o‘zbek oziq-ovqat, to‘qimachilik (kiyim-kechak, gilam, uy to‘qimachilik) va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (meva, sabzavot, dukkaklilar va boshqalar) eksportchilari uchun yaxshi imkoniyat yaratishini hisobga olish muhimdir.
35 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan Saudiya Arabistonida olib borilayotgan siyosat iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida davlat ishtiroki mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shuningdek, milliy xususiy kapital faolligini kengaytirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakat iqtisodiyotini xom-ashyo qaramligidan maksimal darajada chiqarishga qaratilgan “Vision 2030” dasturini amalga oshirish bo‘yicha Saudiya Arabistoni tajribasi katta qiziqish uyg‘otmoqda. Saudiya Arabistoni ijtimoiy siyosati aholiga ijtimoiy kafolatlar yaratib berish, yoshlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalashni o‘z ichiga oladi. Bu siyosat hozirgi bosqichda sanoat sohasida va iqtisodiyotning xususiy sektorida ishlash uchun milliy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni rag‘batlantirish bilan uzviy bog‘liq.
Ayni vaqtda o‘zbek shirkatlari ham Podshohlikda sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq – ovqat sohalariga o‘z sarmoyalarini kiritmoqda. Shu doirada Saudiya – o‘zbek ishbilarmonlar kengashining tutgan o‘rni katta ahamiyat kasb etib, uning yig‘ilishlari har yili o‘tkazib turiladi va eng faol ishbilarmonlar kengashlaridan sanaladi.
Abduvali Saybnazarov, O‘zA