Sadriddin Salim Buxoriyni xotirlab
Buxoro davlat universiteti filologiya fakultetida Sadriddin Salim Buxoriyning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda taniqli shoir-yozuvchilar, madaniyat va san’at xodimlari, Sadriddin Salim Buxoriyning oila a’zolari, shogirdlari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymon so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, Sadriddin Salim Buxoriy hayotlik chog‘idayoq xalq ko‘nglidan mustahkam joy olgan. “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. Shoir, olim, tarjimon shaxsi, ijodi va uning insoniy fazilatlari, milliy o‘zlikni anglash bobida qo‘shgan beqiyos xizmatlari to‘g‘risida iliq fikrlar bildirildi.

Taniqli yozuvchi O. Ergashev Sadriddin Salim Buxoriyning “Tanlangan asarlari” ni nashrga tayyorlash jarayoni va marhum adibning yuksak xislatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida, “Sharq” nashriyoti tomonidan 1000 adadda chop ettirilgan. Unda muallif qalamiga mansub she’rlar, tarjimalar, badialar, publitsistik maqolalar joy olgan.

Tadbirda yangragan, shoirning “Tanlangan asarlari” dan joy olgan she’rlari, nasriy asarlaridan namunalar, ular asosida Buxoro davlat universitetining filologiya fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan musiqiy guldasta ulug‘ shoir ijodiy merosiga o‘ziga xos ehtirom namunasi bo‘ldi.
Tasavvufshunos Salohiddin Gadoyev shoir she’rlaridan o‘qib, ularning sermazmun sharhlarini taqdim etdi.
Tadbirda Sadriddin Salim Buxoriyning umr yo‘ldoshi Mohira Salimovaning “Yorug‘lik odami” kitobi mehmonlarga sovg‘a qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA