“Sabr qil, noshukur boʻlma!”
Bu soʻzlar minglab odamlarning yuragidan chiqib, ezgulik marshiga aylandi. Bu marshda siz ham borsiz!
Bu soʻzlar minglab odamlarning yuragidan chiqib, ezgulik marshiga aylandi.
Bu marshda siz ham borsiz!
Dunyoni zabtiga olgan koronavirus mavzusi hamon “trend”da. Pandemiya tusini olgan ofat avval vahimadan kuch olgan boʻlsa, endi insoniy birdamlik oldida ojiz tortgani quvonarli.
Xavfni yengish, odamlarga dalda boʻlish uchun qoʻldan kelguncha harakat qilayotgan shifokorlar, tadbirkorlarning xayrli ishlari tahsinga loyiq.
Davlatimiz rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha tezkor choralarni koʻrish bilan birga, xalqimizni yakdillikka chorlayotgani, boshimizga tushgan sinovni birdamlik bilan yengishga ishonch bildirgani ham katta dalda boʻldi.
Ammo shunday ogʻir vaziyatda ayrimlarda vazminlik yetishmayotgani, ayuhannos solib hammani oʻziga qaratayotgani yaxshi ish boʻlmayapdi. Bu xorijdan olib kelinib, karantinda saqlanayotgan kishilarning xatti-harakati bilan bogʻliq.
Ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan ana shunday videolarni koʻrib, odamning dili xufton boʻlsa, ammo ularga qarata bildirilayotgan fikrlar, izohlarni koʻzdan kechirib taskin topadi. Ular yuzlab emas, minglab! Ular turli soʻzlarda, tillarda, biroq mohiyatan yaqin! Ular yakdil! Ularni qisqa qilib “Sabr qil, noshukur boʻlma!” deb nomlangan marsh, desak xato boʻlmaydi.
Avvalo, koʻpchilikning dilini xira qilgan oʻsha videolarga toʻxtalib oʻtsak. Xorijdan olib kelinib, sihatgohlarga joylashtirilayotgan fuqarolar borgan joyini videotasvirga olib, xonalar changligi, har bir xonada beshta krovat qoʻyilgani, toʻshaklarni oʻzlari solgani, issiq suv yoʻqligini iddao qilishgan.
Ammo videolarda sihatgohlar yomon ahvolda emas, taʼmirdan chiqqani koʻrinib turibdi.
· Chang?
· Uni oʻzingiz arta olasizku.
· Issiq suv?
· Buni hal qilish mumkin, biroz kutsangiz.
· Beshta krovat?
· Axir siz sihatgohga yoningizdan pul toʻlab dam olgani bormagansizku? Yoki Xitoyda karantin paytida yuzlab odamlar katta-katta xonalarga joylashtirilganini koʻrmadingizmi?
· Ovqat?
· Kim ochdan oʻlibdi? Ozroq sabr qilsangiz boʻlmaydimi?
Ha, ular bilan shunday muloqot qilgim, ayniqsa qizil kiyimdagi dunyoni boshiga koʻtaray degan ayolni rosa savolga tutgim keldi. Afsus, karantin tufayli buning iloji boʻlmadi. Biroq, ishonchim komil, ular yurtdoshlarimizdan oʻziga kerakli gaplarni eshitdi.
Feysbuk foydalanuvchilarining fikrlariga nazar tashlaymiz:
Guli Hakimova: “Birning kasri mingga, deyishadi. Toʻsatdan kelgan falokat odamni esankiratib qoʻyadi. Odamlar ham buni toʻgʻri tushunishi kerak. Sabr qilishsa, hammasi koʻngildagidek boʻladi-ku. Yurtingga kelganingga shukur qil!”.
Arslonbek Salayev: “Umirida bunday sharoitda yashamagan emish. Rossiyada “Grand otel”da yashadingmi? Bir xonada 20 talab yoki oʻrtasidan parda tortib, bir tomonida ayollar, bir tomonida erkaklar yashaydigan xonada yashaganing esingdan chiqdimi?”.
Chori Latipov: “Chang emish, choyshablar ham unchalik emas ekan. Karantinam shunday boʻladimi(mish)? (Karantinning dahshatini koʻrib qoʻygan ekanda?). Karantinga tushib, munday bir rohat qilay, desa sharoit uydagidan pesh emas ekan... Lekin videoda yomon sharoit koʻrinmadi menga”.
Mavlono Zavqiy: “Odamlarga ham hayronsan. Kamina necha yillardan buyon pul, vaqt orttirib sanatoriyga bora olmayman. Ikki haftalik tekin sanatoriyga joylashsa, voy-dod qilishadi, noshukurlarey”.
Şehnaz Mansurova: “Bunday vaziyat birinchi marta boʻlishi. Shuncha odamni qayerga joylashadi? Birdan yaxshi sharoit yaratish oson emas. Uyingizda ham shu sharoit yoʻq boʻlsa kerak? “Publika”ga oʻynash shartmidi?”.
Diyora Lali Ulugʻbekova: “Noshukurlar, ozgina sabr qilish qiyinmi? Hammani xavf ostiga qoʻymoqchimiz, chiqib ketib? Karantinda oʻtirishga majbursiz. Olib kelishganiga rahmat aytinglar, yaxshisi”.
Solixa Solixa: “Sabr qilish kerak, noshukur bandalar, kechagina vatanga qayta olmay yurganlar bugun kelib xarakterlarini koʻrsatishi yaxshi emas. Bu koʻpga kelgan toʻy. Hammasi oʻtadi, faqat ozroq sabr qilish kerak, sharoit qanday boʻlishidan qatʼiy nazar”.
Shoxista Nurmuxamedova: “Yaxshiyamki urush boshlanmadi, faqatgina epidemiya. Shunga shunchami? Qolaversa, ochiq palatkada emassizku, sharoitga moslashib, qalin kiyinib, issiq choy ichib, birdam boʻlib, muammolarni hal qilsa boʻladiku”.
Gulbaxor Imamova: “Olib kelguncha bir balo, olib kelgach yana bir balo. Qanaqa insonsizlar, oʻzi? Inson sal sabr-toqatli boʻladi, dodlab chiqquncha Ollohdan sabr, tinchlik soʻrang”.
Sevara Kudasheva: “Bunaqa janjallar bilan ish bitmaydi, hukumat qoʻldan kelgancha yordam beryapdi. Sizlar ham hamjihat boʻlib, yordam bering. Agar siz bizni uyda maza qilib yotibdi, deb oʻylasangiz, adashasiz. Uydan chiqmay oʻtirish ham oson emas. Na iloj, sabr qilish kerak. Sinovdamiz hammamiz. Ollohdan sabr va shifo soʻraylik”.
Nilufar Xolmurodova: “Agar men ham vatanimga eson-omon qayta olsam, bir oy karantin deyishsa ham chidardim. Vatanimning bagʻrida boʻlsam bas. Siz esa noshukurlik qilib oʻtiribsiz”.
Guzel Ufatovna: “Shallaqilik qilishga uyalmadingizmi? Hammaga kelgan toʻy bu. Sabr qilib, shukur aytib oʻtirmaysizmi? Hadeb video olasizlar, chetdan kelib sizga kim yordam beradi? Bir-birimizni tushunib, hamjihat boʻlsak, kasallikni yengamiz”.
Fazilat Shoyunusova: “Sabr qil, koʻchada emassan. Tashqaridagilargayam oson emas, hozir. Buxanka non berdi, deb noliysiz. Noshukurlik bu!”.
Ana shunday mazmundagi fikrlarning son-sanogʻi yoʻq. Ulardan ayrimlarini keltirdik, xolos. Shu fikrlarning oʻzi ham xulosa chiqarishga yetadi, aslida. Meni quvontirgani, yurtdoshlarimizning bugungi kundagi vaziyatga befarq boʻlmay, yurakdan fikr bildirayotgani, hamjihat boʻlib, kasallikni yengishga boʻlgan ishtiyoqi balandligi, ishonchi sobitligi.
Yana bir narsa eʼtiborliki, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari koronavirus bilan bogʻliq hazil-mutoyibaga ham eʼtibor qaratayotgani. Shunday mazmundagi suratlar, videolar esa odamlarni biroz chalgʻitib, kayfiyatini koʻtarmoqda.
Demak, yaxshi kayfiyat, ishonch, hamjihatlik bizni yana-da kuchli qiladi. Sabr va shukur bilan esa biz boshimizga tushgan sinovni albatta yengamiz.