Rossiyadagi yonilg‘i inqirozi nimalarga olib kelishi mumkin? (+video)
DW nashri xabariga ko‘ra Rossiyaning yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotish cheklanmoqda, benzin yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Bu muammo Rossiyaning o‘nlab hududlariga ta’sir qilgan. Yoqilg‘i tanqisligini aholining deyarli barcha qatlamlari his qilmoqda.
Ukrainaning Rossiya neft infratuzilmasiga bergan zarbalari mamlakat iqtisodiyotini bir necha o‘n yil ortga surishi mumkin. Iqtisodchilar DW nashri so‘roviga bu holat Rossiyaning Ukrainadagi urushni tugatishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.
Avvalgi yoqilg‘i inqirozi may oxiridan iyul o‘rtasigacha davom etgan edi. Hozirgi tanqislik esa, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xabarlariga ko‘ra, ayniqsa Moskva va Moskva viloyatida kuchli sezilmoqda.
Poytaxtdagi «Gazprom neft» va «Tatneft» kompaniyalariga qarashli ikki yoqilg‘i quyish shoxobchalari benzin sotishni allaqachon cheklagan.
Xizmat ko‘rsatish va qurilish sohasi ham qiyinchilikka duch kelgan. Chunki qurilish materiallarini yetkazib berishning oxirgi bosqichi ham benzinga bog‘liq. Xususiy qurilish kompaniyalarining logistikasi ham yoqilg‘i tanqisligiga juda kuchli bog‘lanib qolgan.
Krasnodar o‘lkasida ham odamlar benzin olish uchun bir necha soatlab navbatda turibdi, deb yozmoqda mahalliy OAV.
Mahalliy hokimiyat buni sayyohlik mavsumida talabning keskin oshishi bilan izohlamoqda. Biroq ko‘plab mahalliy aholi, aksincha, bu yilgi yozgi mavsum muvaffaqiyatsiz o‘tayotganini aytmoqda.
Rossiya Davlat dumasi Energetika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Igor Ananskix o‘z intervyusida benzin bilan bog‘liq vaziyat ikki-uch hafta ichida barqarorlashishi kerak, degan. Ammo iqtisodchilar bu prognozga shubha bilan qaramoqda. Ular taqchillikdan tashqari benzin sifatining ham yomonlashayotganiga e’tibor qaratishgan.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, neft-gaz sohasidagi uzoq davom etadigan muammolar Rossiyada chuqur iqtisodiy inqiroz boshlanishidan darak berishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda urush boshlanganidan beri Rossiya nefti eksporti eng katta pasayishni boshdan kechirgan.
Shuningdek, neft qazib chiqarish hajmi ham kamayib ketgan. To‘planib qolgan muammolarni tezda hal qilishning iloji yo‘q. Iqtisodchilar Rossiya xuddi Venesuela singari iqtisodiyotning uzoq muddatli pasayishi tomon borayotganini ta’kidlashmoqda.
Rossiya hukumati benzin tanqisligini Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlardan yoqilg‘i import qilish orqali hal qilish mumkinligini aytmoqda. Ammo DW nashrining iqtisodiy sharhlovchisi Vyacheslav Shiryayevning fikricha, bu bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi.
Boshqa iqtisodchilarning aytishicha, zarar ko‘rgan neftni qayta ishlash zavodlarini yana qayta ishga tushirish juda qiyin va vaqt talab qiladi. Shu bilan birga ular yana hujumga uchramasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu sababli Rossiya hukumati yonilg‘i iste’molini cheklashga majbur bo‘ladi. Va shu o‘rinda yonilg‘i tanqisligi urushni to‘xtatish omili bo‘lishi mumkinmi, degan savol tug‘iladi. DW nashrining iqtisodiy sharhlovchisi Vyacheslav Shiryayevning fikricha, Ukraina Rossiya hududidagi neft infratuzilmalariga hujumlarni kuchaytirsa, bu Rossiya iqtisodiyotini jiddiy izdan chiqarishi va urushning yakunlanishini tezlashtirishi mumkin.
https://youtu.be/QdOOCJUO3ec
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA