Rossiyada yoqilg‘i inqirozi davlat xaridlari tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda
Rossiyada yoqilg‘i inqirozi davlat tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isini sotib olishga ta’sir qila boshladi. “Izvestiya” gazetasining yozishicha, may va iyun oylarida kasalxonalar, kommunal xizmatlar va tez tibbiy yordam xizmatlari uchun bekor qilingan, muvaffaqiyatsiz yoki qayta e’lon qilingan tenderlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan uch baravar oshdi.
Nashrga ko‘ra, yetkazib beruvchilar belgilangan narxdagi davlat shartnomalari bo‘yicha ishlashni foydasiz demoqda. Tenderlar davom etayotgan bir paytda yoqilg‘ining bozor narxi ko‘tariladi, shuning uchun kompaniyalar chakana savdo tarmoqlari orqali yoki tijorat mijozlariga sotishni afzal ko‘rishadi.
Natijada, Samara, Leningrad va Vladimir viloyatlari, Tambov, Krasnodar va Stavropol mintaqalaridagi bir qator tibbiyot muassasalari, kommunal xizmatlar va shahar tashkilotlari vaqtincha yoqilg‘i yetkazib beruvchilarsiz qoldi. Ba’zi hollarda xaridlar qayta e’lon qilishga va bitta yetkazib beruvchi bilan shartnoma imzolashga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, dizel va bitum narxlarining keskin oshishi mamlakatda yo‘llarni ta’mirlash ishlarini ham xavf ostiga qo‘ymoqda. “RBK” radiosining sanoat manbalariga tayanib xabar berishicha, ikkinchi chorakda yo‘l qurilishi kompaniyalari uchun ulgurji dizel yoqilg‘isi narxlari 75,8 foizga, bitum narxi esa 45,5 foizga oshdi. Pudratchilar bunday keskin o‘sishni mavjud davlat va shahar shartnomalariga kirita olmaydilar, bu esa ularni ish hajmini kamaytirishga majbur qiladi.
Infratuzilma kompaniyalari milliy assotsiatsiyasi ta’mirlash ishlarini kechiktirish banklarning yo‘l kompaniyalari kredit reytinglarini qayta ko‘rib chiqishiga, kredit berish va bank kafolatlarini to‘xtatib qo‘yishiga va oxir-oqibat ba’zi bozor ishtirokchilarining yopilishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi.
S.Rahimov, O‘zA