“Romstar”ning eksportbop mahsulotlari
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Buxoro viloyatida ham ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini shu yerning o‘zida qayta ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Buxoro viloyatida ham ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini shu yerning o‘zida qayta ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Bundan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar xorij texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan yangi korxonalar barpo etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Buxoro viloyati iqlimi pilla yetishtirish uchun juda qulay. Erta bahorda quyosh nuridan to‘yingan tut bargi ipak qurtini tez rivojlantiradi. Hosildorligi yuqori va tolasi pishiq bo‘ladi. Ipak qurti parvarishlashda boy tajriba to‘plagan pillachilar bu yilgi mavsumda ham mo‘l hosil to‘pladi. Yetishtirilgan pilla qayta ishlash korxonalari, jumladan, Romitan tumanidagi “Romstar” korxonasida qayta ishlanib, sifatli kalava ip tayyorlanmoqda.
Zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan korxonada texnologik jarayonlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. 100 dan ziyod ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonada barcha qulayliklar yaratilgan.
– Korxonamiz samaradorligini oshirishda pilla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi korxona rahbari Qo‘sha Kattayev. – Bunda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘lari qo‘l kelmoqda. Joriy yilda “Mikrokreditbank”ning Buxoro shahar bo‘limidan olingan 450 million so‘mlik kredit mablag‘i pilla yetishtiruvchilarga bo‘nak sifatida tarqatildi. Ular korxonaga qariyb 500 tonna xomashyo yetkazib berdi.
Hozir korxonada kuniga 600 kilogramm pilla qayta ishlanib, 200 kilogrammgacha kalava tayyorlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 470 ming dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 700 ming dollardan oshishi kutilmoqda.
Ayni paytda korxonada 120 ming dollarlik yangi loyiha tatbiq etilmoqda. Bu loyiha korxonada ishlab chiqarish quvvati va sifatini yanada oshirish imkonini beradi.