Rivojlanish yo‘lidagi odim qadamlar
Buxoro viloyatining asosiy drayverlaridan biri sanalgan tekstil yo‘nalishida hozirda 741 ta korxonalar faoliyat olib bormoqda. Sohada band bo‘lganlar 20 ming nafarni tashkil etib, korxonalar tomonidan o‘tgan yili 6,5 trillion so‘mlik mahalliy, xorijga esa 150 million dollarlik mahsulotlar bozorga chiqarilgan.
Davlatimiz rahbarining agrar tarmoq rivojiga qaratgan e’tibori natijasida hozirda Buxoro viloyatida paxtachilik bo‘yicha jami 10 ta klasterlar faoliyat olib bormoqda. So‘ngi 5 yil davomida viloyat bo‘yicha paxta tolasini qayta ishlash darajasi 58,0 foizdan – 100,0 foizga, ip-kalava ishlab chiqarish quvvati 57,4 ming tonnadan 100 ming tonnaga, ip-gazlama ishlab chiqarish quvvati 315 million kv. metrga yoki 2,0 barobarga o‘sdi. Bugungi kunda, Buxoroda jami 96 ming gektar paxta ekin maydonlarini to‘liq qamrab olgan holda, 10 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari paxta yetishtirib kelmoqda.
– Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalarni, urug‘ navlarini ilmiy asosda tatbiq etish bilan birgalikda endi shu yetishtirgan paxtadan olingan hosilni tayyor mahsulot holatiga olib chiqishdan iborat, – deydi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev. – Bu qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, qo‘shimcha qiymat zanjiridagi davlat byudjetiga tushadigan mablag‘larni bir necha barobar oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga zamonaviy ishlab chiqarishda band bo‘ladigan ishchilar sonini bir necha barobarga oshirish barobarida, albatta, eksport salohiyati o‘sishiga olib keladi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar samaradorlik asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy yil 16 aprel kuni o‘tgan videoselektordagi berilgan qator imkoniyatlar esa klaster rahbarlari, fermer xo‘jaliklari a’zolariga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
– Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, yiliga 100 ming tonna sintetik tola va uning asosida 25 ming tonna aralash tolali kalava ip va 50 million kvadrat metr tayyor aralashma tolali gazlama ishlab chiqarish loyihasini boshladik. Bu loyihaning qiymati ham 200 million dollardan ortiq, – deydi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev.
[gallery-20102]
Viloyatdagi yana bir yirik paxta to‘qimachilik klasteri ham hozirda faoliyat ko‘lamini kengaytirishdan tashqari germaniyalik hamkorlar bilan birga yillik ishlab chiqarish quvvati 65 000 000 kvadrat metr har turdagi paxta ipli va 400 tonna indantrend kalava ip bo‘yash loyihasini amalga oshirmoqda. Shuningdek, korxona 8 million dona tayyor mahsulotni chet el bozorlariga yetkazib berdi.
– Yurtboshimiz tomonidan sohaga oid videoselektorda biz tadbirkorlarni jahondagi murakkab vaziyatdan aziyat chekmasdan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi, – deydi paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Dilshod Bobojonov. – Tayyor bo‘yoq bo‘yash fabrikalari, matolarni bo‘yash, to‘qimachilik sohasidagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihalariga 10 million AQSH dollarigacha bo‘lgan kreditlarni 6 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplab berilishi aytilgandi. Buning ham ijrosi ta’minlanmoqda va korxonaning eksport geografiyasi kun sayin kengaymoqda.
Klaster tasarrufidagi korxona va fabrikalarda xalqaro bozor talablariga to‘la mos keladigan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilgan. Misol uchun, hozirda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanayotgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi Yevropa bozori uchun 10 million pogona metrga teng eng sifatli mahsulot yetkazib beryapti va eksport hajmini 15 million dollarga yetkazishni rejalashtirgan.
– Yangi investitsion loyihalar bo‘yicha hozirda jahonda, Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan brend kompaniyani yurtimizga kelishiga doir kelishuvlar imzolandi. Loyiha bo‘yicha yiliga 25 million dollar tayyor tekstil mahsulotlar ishlab chiqaradigan loyiha ishga tushish arafasida. Hozir qurilish ishlar yakunlanib, hamkorlarimiz tomonidan korxonani Yevropadan yurtimizga ko‘chirish bo‘yicha ishlar boshlandi. Xususan chekka-chekka tumanlarda 50 dan 100 gacha bo‘lgan tayyor tikuv sexlari tashkil topadi, – deydi paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Dilshod Bobojonov.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘idan so‘ng asosan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, xorij bozorlarida o‘z o‘rnini topayotgan Buxoro shahridagi yana bir tekstil korxonasi o‘z eksport geografiyasini ikki barobarga oshirish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
– Korxona tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moslashgan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Sherali Bahronov. –Tayyor mahsulotlardan asosan erkaklari, ayollari va bolalarga jinsi shimlar, shuningdek, harbiylar uchun maxsus kiyim-boshlar tayyorlaydi. 2023 yilda eksport hajmi 300 ming AQSH dollariga teng bo‘ldi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 400 ming AQSH dollariga chiqarish rejalashtirilgan.
Korxonadagi yangi tashabbuslar orqali viloyatning eksport ko‘rsatkichlari uchun qo‘shimcha 10 million AQSH dollariga teng zaxira bazasi yaratish hamda 20 million AQSH dollariga teng qiymatda import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, qolaversa, davlat byudjetiga 12 milliard so‘mlik qo‘shimcha tushumlar kiritish imkoniyati yaratilmoqda.
Umuman olganda, 750 ga yaqin tekstil korxonasi mavjud viloyatda ularning bor-yo‘g‘i 20 foizga yaqini eksportyorlar qatoridan joy olgan. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida endilikda bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Bu bilan imkoniyat ham, salohiyat ham mavjud viloyat iqtisodiyoti yanada yuksalishiga zamin yaratiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.