Respublika olimpiada zaxiralari tennis maktabini boshqarish funksiyasi O‘zbekiston tennis federatsiyasiga topshirildi
2026-yilning 21-sentabridagi “Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, Sport vazirligining Respublika olimpiada zaxiralari tennis maktabini boshqarish funksiyasi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda O‘zbekiston tennis federatsiyasiga topshirildi.
Shuningdek, Federatsiyaga maktab faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini belgilash, rahbar kadrlarni tayinlash hamda uning moliyaviy va strategik rivojlanish dasturlarini tasdiqlash vakolatlari berildi.
Maktab faoliyatini yanada rivojlantirish doirasida xorijiy mutaxassis va trenerlarni jalb etish, zamonaviy tayyorgarlik usullarini joriy qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, 2027-yildan boshlab maktab bazasida ITF xalqaro musobaqalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror yosh iqtidorlarni aniqlash va professional tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston tennisining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA