Respublika ishchi guruhi Buxoroda
Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatining Vobkent va Peshku tumanlarida aholini kambag‘allikdan chiqarish, bunda tomorqadan samarali foydalanish borasidagi ishlarni o‘rgandi.
Vobkent tumani Latifsobungar mahallasida yashovchi Abdurasul Shonazarov keyingi yillarda bor imkoniyatini zotdor qo‘y boqishga safarbar etdi va 80 boshga yetkazdi. Havaskor sifatida uning aynan “Arashan” zotiga qiziqib qolgani bejiz emas. Bu zotdor qo‘y mahsuldorlik ko‘rsatkichlari yuqoriligi bilan ajralib turibdi.
– Chorvador cho‘ponlar yaxshi biladi, o‘zimizda qishning izg‘irini, yozning jaziramasida hisori qo‘yni boqish oson emas, – deydi Abdurasul Shonazarov. – Vodiy viloyatidan xarid qilingan qo‘yni moslashtirish uchun harakat qilib, mutaxassis zootexniklar, veterinarlardan tavsiya olib, o‘tgan to‘rt-besh yilda o‘z qo‘ramizga ega bo‘lganimiz oilaviy yutug‘imiz bo‘ldi.

Abdurasul Shonazarov ko‘p yil jaydari qo‘y boqqan mutaxassis sifatida bugun son emas, sifatga e’tibor bermoqda. Hozirda bo‘rdoqichilikda bir bosh qo‘yning sof og‘irligini 200 kilogrammdan oshirishni maqsad qilgan.
Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi ishchi guruhi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov hamrohligida Vobkent tumanida, ushbu xonadonda zotdor qo‘y parvarishi bilan yaqindan tanishar ekan, mas’ullarga uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirishga doir tavsiya va topshiriqlarini berdi.

Ishchi guruh “Latifsobungar” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan mirishkor tomorqachi Muxtor Shodiyev uy xo‘jaligida ham bo‘ldi. Xonadon sohibi 10 yil burun xonadonidagi tomorqa yerining 5 sotix qismida barpo qilgan issiqxonada sabzavot mahsulotlarini yetishtirish tajribasini o‘zlashtirgan. Keyinchalik bu issiqxona 8 sotixga yetkazilgach, gidroponika usulida qulupnay yetishtirish tajribasi ham yo‘lga qo‘ydi.
– Koreya texnologiyasi asosida tuproq o‘rnida kokos qipig‘ini poytaxtdan buyurtma asosida xarid qilib, jo‘yak o‘rnida qatorlarga rezina shlangni tortib, hosil qilingan ekin maydoniga 10 ming tup qulupnay niholini o‘tqazdik, – deydi Muxtor Shodiyev. – Faoliyatimni boshlashga 200 million so‘m atrofida mablag‘ sarflagan bo‘lsak, endilikda bu sarmoyani bir mavsumda bemalol, shu qulupnay hosilidan qoplash imkoniga egamiz.

Ishchi guruh Muxtor Shodiyev uy xo‘jaligidagi faoliyat, dehqonchilikka innovatsion yondashuvning samarasini bevosita ko‘rib, u bilan muloqotda bo‘ldi. Tajribasini ommalashtirish chora-tadbirini belgiladi.
Ishchi guruh Peshku tumanida ham bo‘lib, “Ibn Sino” va “Sadir” mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Obod – xonadon, obod – ko‘cha, obod – mahalla” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Hududdagi namunali tomorqachilar, uy xo‘jaliklari tajribasi mehmonlar e’tiboridan chetda qolmadi.
Bu mahallalarni ishsizlikdan, kambag‘allikdan, oilaviy ajrimdan, mehnat migratsiyasi hamda jinoyatdan holi hududga aylantirish, ularda “Sayxunobod”, “Uychi” tajribalari, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

– Ayni kunda 1040 ta xonadon, 1361 ta oila va ularda jami 4800 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inimiz Afshona, Avdeni, Yangiobod, Ibn Sino va Qo‘rg‘ontepa qishloqlaridan tarkib topgan, – deydi yig‘in raisi Uyg‘un Imomov. – Ikki-uch yil burun aholiga tarqatilgan unumdor ekin yer hisobidan aholi xonadonlarining 936 tasi yoki 2140 dan ortiq kishining bandligi ta’minlanmoqda. Hududda lider tadbirkorlik sub’ektlaridan Mustaqim Toshev ta’sischiligidagi “Peshku Miksed Agrokulture tomorqa xizmati” MCHJ ta’minotchi va buyurtmachi sifatida bu dehqon xo‘jaliklariga biriktirilgan. Mahallamizda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kambag‘al oila 16 tani tashkil etib, ishsizlar va chet elga qatnab ishlayotganlar soni jami 200 nafardan ziyod ekanligi, bor imkoniyatlardan samarali foydalanishni taqozo etmoqda.
Tuman hokimi Hayot Davlatov hamrohligida “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘ini, Co‘filar qishlog‘ida faoliyatini yuritayotgan “Peshku limonchilik maktabi”ga asos solgan mirishkor bog‘bon Nusrat Saidov issiqxonasida parvarishlanayotgan sitrus mevaning bir necha turi va undagi agrotexnik tadbirlar ko‘zdan kechirdi.
2017 yilda fermer xo‘jaligi negizida limonchilik maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan Nusrat Saidov issiqxonadan, har yili barakali hosil olib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida qishloqda tajribali dehqonga havas qilganlar o‘z limonariylarini tashkil qilishdi, ko‘plar bu mirishkor bog‘bon bilan ustoz-shogirdlik an’anasini yo‘lga qo‘ygan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri