Respublika bosqichi g‘oliblari ma’lum bo‘ldi
Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yengil atletika bo‘yicha “A” liga respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazib kelinmoqda. Birgina yengil atletika musobaqalarining mahalla, tuman, shahar, viloyat va mamlakat bosqichlarida respublika bo‘yicha 696 ming nafar, shundan 353 ming nafar qizlar ishtirok etdi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning Andijonda bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha “A” liga respublika bosqichi musobaqalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan mahalla jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
[gallery-24142]
Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqada ayollar o‘rtasida 16-21 yosh toifasida 1-o‘rin Farg‘ona, 2-o‘rin Andijon, 3-o‘rin Qashqadaryo viloyatlari, 22-26 yosh toifasida 1-o‘rin Qashqadaryo, 2-o‘rin Samarqand viloyatlari, 3-o‘rin Toshkent shahri, 27-30 yosh toifasida 1-o‘rin Qashqadaryo viloyati, 2-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 3-o‘rin Sirdaryo viloyati jamoalariga nasib etdi.
Erkaklar musobaqalarida esa 16-21 yosh toifasida 1- o‘rinni Namangan, 2-o‘rinni Samarqand, 3-o‘rinni Farg‘ona viloyatlari, 22-26 yosh toifasida 1-o‘rinni Navoiy, 2-o‘rinni Farg‘ona, 3-o‘rinni Sirdaryo viloyatlari, 27-30 yosh toifasida 1- o‘rinni Navoiy, 2- o‘rinni Sirdaryo viloyatlari, 3- o‘rinni Toshkent shahri jamoalari qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida, musobaqaning respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoasiga universal, ikkinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoaga stritbol va vorkaut, uchinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoasiga vorkaut maydonchalari qurib beriladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari