“Renessans” milliy mukofoti sovrindorlari aniqlandi (+video)
Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan kuch bu ommaviy axborot vositalari — jurnalistlar.
Mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy kabi qator sohalarni muntazam yoritib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda jurnalistlarni taqdirlash, ularning faoliyatini e’tirof etish maqsadida yurtimizda ko‘plab mukofotlar ta’sis etilgan. Xususan, 14 dekabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan debyut “Renessans” milliy mukofoti taqdirlash marosimini ham misol qilish mumkin.
Vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, elchilar, teleradiokanallar xodimlari hamda taniqli jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda birlashmaga a’zo tele va radiokanallar ijodkorlari renessans poydevorini qurish g‘oyasini targ‘ib etishga bag‘ishlangan asosiy va maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandi.
[gallery-15080]
Mazkur tadbir jurnalistlarni mukofotlash bilan bir qatorda Milliy media birlashmasi tashkil etilganining 20 yilligini ham nishonlashga bag‘ishlandi. Qolaversa, teleradiokanallar vakillari, soha fidoyilariga ko‘krak nishoni ham topshirilgani e’tiborga sazovor.
Tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov so‘zga chiqib, tadbir qatnashchilarini tabrikladi va mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida so‘z erkinligi, media sohasi rivoji yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Anjuman davomida “Eng yaxshi axboriy teledastur jurnalisti” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan “Sevimli” telekanali jurnalisti Jahongir Olimov fikr bildirib, mukofot “Zamon” informatsion dasturi ijodiy jamoasiga tegishli ekanini aytdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazishda faollik ko‘rsatayotgan yana ko‘plab media vakillari taqdirlandi. Jumladan, “Eng yaxshi madaniy-ma’rifiy teledastur jurnalisti” va radio yo‘nalishida 3 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bgG1wGuO3WU" title="“Renessans” milliy mukofoti sovrindorlari aniqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>E’tiborlisi, O‘zbekistonning hamkor davlatlari bilan do‘stona munosabatni faol yoritayotgan jurnalistlar ham alohida e’tirof etildi. Maxsus nominatsiyalar Fransiya, Turkiya, Xitoy elchixonalari hamda yurtimizdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yurtdoshlarimiz ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniyeni doimiy kuzatadi, tahlil qilib boradi. Tomoshabinlar zarur bo‘lganida o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildiradi. Shu bois, mazkur mukofotda “Televideniyeda hududiy masalalarni yoritish bo‘yicha eng yaxshi jurnalist” nominatsiyasi ham bor.
Bir so‘z bilan aytganda, chin ma’noda jurnalistlar bayramiga aylangan, ko‘tarinki ruhda o‘tgan anjuman har yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zA muxbirlari Marhabo Madaminova, Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (foto) va Asliddin Alijonov (video) tayyorladi.