Rasmiy tadbirlar yuzasidan navbatdagi brifing
Milliy matbuot markazida 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifing o‘tkazdi.
Unda joriy hafta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar va muhim yig‘ilishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bu hafta tadbirlarga boy bo‘ldi, davlatimiz rahbari bir qator xorijiy delegatsiyalarni qabul qildi, muhim yig‘ilishlar o‘tkazdi. Brifingda ushbu uchrashuvlar haqida press-relizlarga kiritilmagan qo‘shimcha tafsilotlar yuzasidan axborot berildi.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarifni qabul qildi.
Eron – katta iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega mamlakat. Keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar faollashdi. 2019 yildan Eron uchun soddalashtirilgan viza tizimi joriy qilindi.
Uchrashuvda 2020 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo 250 million dollarni tashkil etgani, qo‘shma korxonalar soni 3 barobar ortib, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika kabi sohalarda umumiy qiymati 61 million dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish maslalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingani ma’lum qilindi.
Shu kuni Prezidentimiz Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qildi. Unda Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan “Innoprom” sanoat haftaligi yangi kooperatsiya loyihalarini boshlash uchun ishonchli platforma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Bu boradagi aniq loyihalar muhokama qilingani aytib o‘tildi.
Uchrashuvda hozirgi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, Prezidentimizning Rossiyaga rasmiy tashrifini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashilgani qayd etildi.
Brifingda Prezidentimiz 6 aprel kuni Koreya Respublikasi parlamentining Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazgan muloqot haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
8 aprel kuni Prezident raisligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlik masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazildi. Jiddiy tanqidiy ruhda bo‘lgan yig‘ilishda vazifani uddalay olmagan ko‘plab rahbarlar lavozimidan ozod etildi, ayrimlariga hayfsan berildi.
Matbuot kotibi davlatimiz rahbari yig‘ilishda qo‘ygan aniq vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Tadbirkorlarni keng qo‘llab-quvvatlash, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan aholini ishga joylashtirish va farovonligini oshirish bo‘yicha vazifalar ijrosini Prezidentning shaxsan o‘zi qat’iy nazoratga olishini ta’kidladi.
Tadbirda kelasi haftada bo‘ladigan rasmiy tadbir haqida ham ma’lum qilindi. Jumladan, 13-14 aprel kunlari mamlakatimizga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Kristin Lindening tashrifi kutilmoqda.
– Mamlakatimiz ushbu muhim mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intiladi, – dedi Sherzod Asadov. – O‘zbekiston, shuningdek, Shvetsiya bilan barcha sohalarda konstruktiv muloqot va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdor. Bu aloqalar so‘nggi yillarda faollashib, o‘tgan yil noyabrda va bu yil fevralda siyosiy mashalahatlashuvlar o‘tkazildi. Ann Kristin Lindening tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi.
Linde xonim Prezident tomonidan qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, kelayotgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan videomuloqoti rejalashtirilgan.
Brifing so‘ngida Prezident matbuot xizmatining OAV bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yishga kirishilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan, press-pullga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qator ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.
Matnazar Elmurodov, O‘zA