Raqobat va shaffoflik masalalari muhokama qilindi
Sirdaryo viloyatida Raqobat qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev boshchiligida tadbirkorlar, fuqarolar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda hududdagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, 20 dan ortiq murojaat va takliflar tinglandi hamda ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Qo‘mita raisi raqobat muhitini rivojlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu yo‘nalish iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bilan birga, bozor munosabatlarida adolat va shaffoflikni qaror toptirishda ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois qo‘mita faoliyatida aholi va tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, monopoliyaga qarshi organlarning milliy va xalqaro miqyosdagi o‘rni, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdagi ahamiyati haqida ham batafsil fikr bildirildi. Hududlardagi muammolarni joyiga chiqib o‘rganish, fuqarolar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali samarali yechimlar ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ochiq muloqot davomida bir qator tizimli masalalar ko‘tarildi. Jumladan, fermer xo‘jaliklarida dizel yoqilg‘isi narxining yuqoriligi, birja savdolarida muddati o‘tgan mineral o‘g‘itlarning sotuvga chiqarilishi, avtogaz shoxobchalarida suyultirilgan gaz narxining sun’iy oshirilishi holatlari tanqidiy muhokama qilindi. Shu bilan birga, dorixonalarda farmatsevtika mahsulotlarini referent narxlar asosida sotishdagi ayrim kamchiliklar, reklama pasportlarini rasmiylashtirishdagi ortiqcha to‘lovlar hamda ko‘p qavatli uylar xaridi jarayonidagi murakkab shartlar ham muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, tender jarayonlarida til biriktirish holatlarining oldini olish, shuningdek, qo‘mita faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Barcha murojaatlar qabul qilinib, ularni tegishli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish va amaliy yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Tadbirda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi axborot-tushuntirish ishlari hali yetarli darajada emasligi ham qayd etildi. Shu munosabat bilan hududda seminarlar va targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, aholi bilan muloqot formatlarini kengaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Ochiq muloqot doirasida Qo‘mitaning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2025-yil yakunlari hamda 2026-yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot ham taqdim etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrlarda minglab murojaatlar qabul qilinib, ularning aksariyati bo‘yicha iste’molchilar manfaatlari ta’minlangan.
Uchrashuv ochiq va tanqidiy ruhda o‘tdi. Bildirilgan taklif va fikrlar asosida raqobat muhitini yanada takomillashtirish, shaffoflikni kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri