Raqamli tizim gaz ta’minotida shaffoflikni ta’minlamoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi izchil takomillashtirilib, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Ayniqsa, sohaga zamonaviy raqamli yechimlar, xususan, “FACE ID” — yuzni tanish tizimining joriy etilishi xizmatlar shaffofligini ta’minlash va inson omilini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tizim tog‘li Baxmal tumanida ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu esa xizmat ko‘rsatish tezkorligini oshirish, shuningdek, suyultirilgan gazni adolatli va shaffof taqsimlash imkonini beryapti.
Bugungi kunda tumandagi 30 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 22 ming 600 nafardan ortiq iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. Joriy yilning birinchi choragida aholi ehtiyojini qondirish maqsadida 734 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.
— Raqamli tizim ish samaradorligini sezilarli darajada oshirdi, - deydi «Baxmaltumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Yoqub Isroilov. — Yangi joriy etilgan “FACE ID” tizimi orqali gaz ballonlarini tarqatish jarayoni to‘liq nazoratga olindi. Endi har bir iste’molchi o‘ziga tegishli gaz ballonini shaxsini tasdiqlagan holda qabul qilib olmoqda. Bu ortiqcha tushunmovchiliklarning oldini olib, hisob-kitobning aniq yuritilishiga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda tumanda 23 mingdan ortiq aylanma maishiy gaz balloni mavjud bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 60 dona zaxira balloni shakllantirilgan. Bu ehtiyoj ortib boradigan mavsumlarda, ayniqsa, tog‘li hududlarda aholini uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.
[gallery-29595]
Hududdagi Nushkent mahallasi aholisi ham mazkur yangilikdan mamnun. Mahalla istiqomatchisi Munavvar Isroilovaning ta’kidlashicha, yangi tizim tufayli gaz ballonlarini olishda navbatlar qisqargan, mahsulot esa o‘z vaqtida va haqqoniy tarzda xonadonlarga yetkazib berilmoqda.
Umuman, Baxmal tumanida suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar ochiqlik, shaffoflik va barqarorlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunday zamonaviy yondashuvlar aholining gaz resurslaridan foydalanish jarayonini yanada qulay, xavfsiz va ishonchli etmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA