Raqamli narkotrafik va sintetik giyohvandlikka qarshi kurashish - dolzarb vazifa
Giyohvandlikka qarshi kurashish har qanday davlat uchun milliy xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini asrash va sog‘lom avlodni tarbiyalash bilan bog‘liq muhim vazifalardan biridir. Bugun bu muammo nafaqat huquq-tartibot, balki tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya va xalqaro hamkorlikni qamrab olgan kompleks yondashuvni talab qilmoqda.
O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Raqamli muhitdagi jinoiy faoliyatni aniqlash, axborot almashinuvini kuchaytirish, moliyaviy oqimlarni tahlil qilish va profilaktika ishlarini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor kuchaytirildi.
Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish Milliy strategiya asosida amalga oshirilmoqda. 2025-yil 3-noyabrdagi «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan esa giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025 - 2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi tasdiqlandi.
Unda qonunchilikni takomillashtirish, narkojinoyatlarni erta aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish, yashirin narkolaboratoriyalarni fosh etish, prekursorlar ustidan nazoratni kuchaytirish va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi. Agentlikka mazkur sohada davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bilan bog‘liq vazifalar yuklatilgan.
2025 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy dasturda narkotik vositalar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirish, narkojinoyatchilikning yangi shakllari va usullariga qarshi jinoiy-huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Bundan tashqari, prekursorlar harakatini ishlab chiqarish yoki olib kirishdan tortib realizatsiyagacha bo‘lgan jarayonlarda elektron nazorat qilish mexanizmlarini joriy etishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Bu yondashuv narkotik moddalarning tayyor mahsulot sifatida tarqalishidan oldinroq, ularni ishlab chiqarish zanjirida nazorat qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar sohasida 15 ming 412 jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. 15 ta narkolaboratoriya aniqlangan.
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil 8 oyida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 12 ming 104 jinoyat va 1 ming 410 ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan.
89 yirik narkojinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yilib, ulardan 1,4 tonna an’anaviy, 61,7 kg sintetik giyohvandlik vositalari, 4,6 million dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib qo‘yildi. 15 onlayn narkodo‘kon faoliyatiga barham berilib, narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 630 mingdan ortiq obunachi (a’zo)larga ega bo‘lgan 1 ming 911 Internet resurslari bloklandi. Shundan 609 tasi telegram bot, mingdan ziyodi yopiq va 298 tasi ochiq kanal (guruh), chatlardir.
Tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida 2 tonna 708 kilogramm narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilib, aholi orasida tarqatilishining oldi olindi. Shundan, 2 tonna 398 kilogramm narkotiklar, 310 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi va 3 633 dona psixotrop moddalar.
Sintetik narkotiklarni tayyorlashda foydalaniladigan 10,5 tonna prekursorlar musodara qilindi. 18 g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya aniqlanib, ularda saqlangan jami 1 tonna 40 kilogramm giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar noqonuniy muomaladan olindi.
Bu raqamlar qancha insonlar, ayniqsa, yoshlar hayotiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar bartaraf etilganini anglatadi.
Alohida ta’kidlash joizki, giyohvandlikning oldini olishda yoshlar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega. Chunki raqamli muhitda tarqalayotgan noto‘g‘ri axborot, aldov va yashirin reklama yoshlarning xavfli takliflarga duch kelish ehtimolini oshirayotgani sir emas. Shu sababli, profilaktika ishlarini faqat ogohlantiruvchi ma’ruzalar bilan cheklab qo‘ymasdan, ta’lim muassasalari, oila va mahalla hamkorligida olib borish zarur.
Giyohvandlikka qarshi siyosatning yana bir muhim yo‘nalishi – tibbiy yordam va ijtimoiy reabilitatsiyani rivojlantirish. Giyohvandlikka duchor bo‘lgan shaxslarni davolash, psixologik yordam ko‘rsatish va ularning jamiyatga qayta moslashuviga ko‘maklashish ham kompleks yondashuvning muhim qismi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, profilaktika, davolash va reabilitatsiya bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga aylantirildi.
Narkotrafik davlat chegaralari bilan cheklanmaydi. Shu bois unga qarshi samarali kurash xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Aynan shu yo‘nalishda qo‘shni davlatlar, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan axborot almashish, transmilliy jinoiy tarmoqlarni aniqlash, narkotik moddalar va prekursorlarning noqonuniy harakatiga qarshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhimi, profilaktika ishlari jamiyatda giyohvandlikka nisbatan barqaror immunitetni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Raqamli texnologiyalar jinoiy tarmoqlarga yangi imkoniyatlar berayotgan bir sharoitda davlat va jamiyatning unga qarshi javobi ham zamonaviy, tizimli va xalqaro hamkorlikka asoslangani, albatta o‘z samarasini beradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA