Raqamli dunyoda huquqiy himoya: O‘zbekistonda huquqshunoslar bunga tayyormi?
Raqamlashib borayotgan dunyoda huquqiy soha qanday bo‘lishi kerak? Murakkablashib borayotgan kiberjinoyatlarni aniqlash va fosh etishga huquqshunoslar tayyormi? Yoki aynan ushbu yo‘nalishda mutaxassislar qanday tayyorlanishi kerak?
Yuridik fanlari doktori, professor Dildora Umarxonova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Aytingchi, O‘zbekistonda huquqshunoslik ta’limi zamonaviy texnologik jarayonlarga qanday moslashtirilmoqda?
– Bu juda ham dolzarb masala bo‘lib, bugungi kundagi strategik vazifalardan biriga aylangan. Mazkur jarayonning muhim bosqichlaridan biri – Toshkent davlat yuridik universitetida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Raqamli huquq” xalqaro ta’lim yo‘nalishining tashkil etilgani bo‘ldi.
Bu yo‘nalish huquqshunoslik ta’limining mazmunini raqamli transformatsiya sharoitiga moslashtirish, texnologik bilim va huquqiy tafakkurni yagona ta’lim modeliga uyg‘unlashtirish hamda yangi avlod huquqshunoslarini tayyorlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Ayniqsa, sun’iy intellekt qarorlar qabul qilishda qo‘llanilsa, bu qarorlar uchun kim javobgar bo‘lishi masalasi ham bor. Avtomatlashtirilgan tizimlar shaxsga oid ma’lumotlarni qayta ishlaganda esa ma’lumotlarni himoya qilish, rozilik, ma’lumotlardan foydalanish chegaralari va shaxsning huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq savollar paydo bo‘ladi.
Elektron platformalar orqali xizmat ko‘rsatishda esa shartnoma munosabatlari, iste’molchilar huquqlari, platformalarning javobgarligi va nizolarni hal etishning yangi mexanizmlari talab etiladi.
Kiberjinoyatchilikning rivojlanishi esa jinoyat-huquqiy va jinoyat-protsessual mexanizmlarning raqamli muhitga moslashuvini taqozo etmoqda.
Raqamli dalillarni aniqlash, to‘plash, saqlash va sudda baholash an’anaviy dalillardan sezilarli darajada farq qiladi. Shu sababli, kelajakdagi huquqshunos elektron izlar, raqamli dalillar va texnologik infratuzilma haqida professional darajada tasavvurga ega bo‘lishi zarur.
– Raqamli iqtisodiyotda huquqshunosning o‘rni va roli qanday bo‘ladi?
– Bu jarayonda huquqshunos tayyor normani qo‘llash bilan cheklana olmaydi. U yangi texnologiyaning huquqiy xavflarini oldindan baholaydigan, biznes jarayonlarini huquqiy jihatdan loyihalaydigan va texnologik rivojlanish bilan huquqiy tartibga solish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan mutaxassis bo‘lishi kerak.
Demak, raqamli transformatsiya sharoitida “yaxshi huquqshunos” tushunchasining o‘zi ham yangilanmoqda. Huquqiy bilim bilan bir qatorda analitik fikrlash, texnologik savodxonlik, ma’lumotlar bilan ishlash, raqamli xavflarni baholash va texnologik jarayonlarni huquqiy nuqtai nazardan tahlil qilish qobiliyatlari yangi professional kompetensiyalarning ajralmas qismiga aylanmoqda.
– O‘zbekistonda yuridik ta’lim va ilm-fanni zamonaviy talablarga moslashtirish jarayoni qachon boshlangan?
– Mazkur jarayonning muhim huquqiy asoslaridan biri – davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm - fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidir. Unda ta’lim jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish, huquqiy texnologiyalar va raqamli huquq sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Raqamli huquq” xalqaro ta’lim yo‘nalishini joriy etish vazifasi belgilandi.
Bunda muhim jihat shundaki, raqamli huquqni faqat “IT sohasidagi qonunchilik” sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Raqamli huquq fanlararo xususiyatga ega bo‘lib, unda huquqshunoslik bilan bir qatorda axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotga oid bilimlarning o‘zaro integratsiyasi talab etiladi.
– Sun’iy intellekt davrida yangi avlod huquqshunosi qanday bo‘lishi kerak?
– Sun’iy intellekt yuridik faoliyatning ko‘plab jarayonlarini o‘zgartirmoqda. Huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, sud amaliyotini izlash, shartnomalarni ko‘rib chiqish, huquqiy xavflarni aniqlash va katta hajmdagi huquqiy ma’lumotlarni qayta ishlashda SI (AI) vositalaridan foydalanish tobora kengaymoqda.
Biroq, texnologiyaning rivojlanishi huquqshunosning ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, huquqshunos oldida yangi vazifalarni yuzaga keltiradi. Masalan, SI tomonidan tayyorlangan huquqiy xulosaning ishonchliligini kim baholaydi? Algoritm shaxs huquqni kamsituvchi qaror chiqarsa, javobgarlik kimning zimmasida bo‘ladi? SI tizimi shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlaganda shaxsning huquqlari qanday himoya qilinadi? SI yaratgan kontentga nisbatan intellektual mulk huquqi qanday belgilanadi?
Bu savollarning aksariyatiga faqat texnologik nuqtai nazardan javob berib bo‘lmaydi. Ular huquqiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni bir vaqtning o‘zida qamrab oladi.
Shu sababli, kelajakdagi huquqshunos SI vositalaridan foydalanishni bilishi bilan bir qatorda, uning huquqiy chegaralarini ham tushunishi kerak.
– Demak, “Raqamli huquq” bitiruvchilari uchun istiqboldagi professional yo‘nalishlar juda keng bo‘lishi mumkin. Shundaymi?
– Ha, shunday. Ular raqamli platformalar va AT kompaniyalarida yuridik maslahatchi va boshqa mutaxassisliklarda ishlashi mumkin. Davlat organlarida raqamli siyosat va tartibga solish bo‘yicha ekspert, yuridik texnologiyalar sohasidagi tadqiqotchi yoki xalqaro tashkilotlarda texnologiya va huquq kesishmasidagi mutaxassis sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Kelajakda raqamli huquq bo‘yicha mutaxassislar davlat siyosatini ishlab chiqishda, qonunchilikni takomillashtirishda, yangi texnologiyalarni huquqiy tartibga solishda va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Ayniqsa, sun’iy intellektni tartibga solish, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli platformalar faoliyati, elektron tijorat, kiberjinoyatchilik, raqamli dalillar, fintech, smart contracts va boshqa texnologik yo‘nalishlarda yuqori malakali huquqshunoslarga ehtiyoj tobora ortib boradi.
Shuningdek, raqamli huquqning rivojlanishi qonunchilik ijodkorligining o‘ziga ham ta’sir ko‘rsatadi. Chunki texnologiyalar tez o‘zgarayotgan sharoitda qonun chiqaruvchi yangi huquqiy munosabatlarni oldindan ko‘ra olishi, xavflarni baholashi va texnologik innovatsiyalarni cheklab qo‘ymasdan, shu bilan birga, inson huquqlari va jamoat manfaatlarini samarali himoya qiladigan tartibga solish mexanizmlarini yaratishi kerak. Bu esa huquqshunoslik ta’limidan yanada kengroq va fanlararo yondashuvni talab qiladi.
– Raqamli huquq yo‘nalishida shakllanayotgan yangi mutaxassislarga yana qanday talablar qo‘yiladi?
– Yangi avlod huquqshunosi, bir tomondan, konstitutsiyaviy, fuqarolik, jinoyat, ma’muriy, xalqaro va boshqa huquq tarmoqlarining fundamental asoslarini chuqur bilishi kerak. Ikkinchi tomondan esa, u raqamli texnologiyalarning ishlash tamoyillarini tushunishi, ma’lumotlar bilan ishlay olishi, algoritmik jarayonlarni tahlil qila olishi va texnologik muammolarning huquqiy oqibatlarini baholashi lozim.
Bundan tashqari, yangi avlod huquqshunosida bir nechta muhim ko‘nikmalar shakllanishi zarur.
Birinchisi – analitik fikrlash. Raqamli huquq doirasidagi ko‘plab masalalarda tayyor huquqiy norma mavjud bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli mutaxassis yangi vaziyatni mustaqil tahlil qila olishi kerak.
Ikkinchisi – texnologik savodxonlik. Huquqshunos dasturchi bo‘lishi shart emas, biroq u sun’iy intellekt, ma’lumotlar bazasi, algoritmlar, raqamli platformalar va kiberxavfsizlikning asosiy tushunchalarini bilishi zarur.
Uchinchisi – xalqaro fikrlash. Raqamli muhit chegarasiz bo‘lgani sababli huquqshunos bir nechta yurisdiksiyadagi tartibga solish mexanizmlarini qiyoslay olishi kerak.
To‘rtinchisi – etik mas’uliyat. Texnologiya samaradorlikni oshirishi mumkin, biroq inson huquqlariga xavf tug‘dirishi ham mumkin. Shu sababli, raqamli huquqshunos texnologik innovatsiya bilan inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash mas’uliyatini ham o‘z zimmasiga oladi.
Beshinchisi – doimiy o‘rganish qobiliyati. Raqamli texnologiyalar juda tez rivojlanadi. Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan texnologiya bir necha yildan keyin o‘z o‘rnini boshqa yechimga bo‘shatishi mumkin. Demak, raqamli huquqshunosning eng muhim kompetensiyalaridan biri – o‘z bilimlarini muntazam yangilab borish qobiliyatidir.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent davlat yuridik universitetida “Raqamli huquq” xalqaro ta’lim yo‘nalishining ishga tushirilishi O‘zbekistonda yuridik ta’lim rivojining yangi bosqichini boshlab berdi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.