Ramazon – xayru saxovat oyi
Mamlakatimizda insonparvarlik, mehr-shafqat va oʻzaro xolis yordam singari gʻoyalarga qaratilgan umumxalq harakatlari bugun barchani bir maqsad sari birlashtirmoqda.
Mamlakatimizda insonparvarlik, mehr-shafqat va oʻzaro xolis yordam singari gʻoyalarga qaratilgan umumxalq harakatlari bugun barchani bir maqsad sari birlashtirmoqda.
U ham boʻlsa koronavirusni mardonavor yengish, yurtdoshlarimizning aziz jonlarini saqlab qolishdir. Oʻzbekistonda bu borada olib borilayotgan ezgu ishlarning zamirida inson manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligining guvohi boʻlayapmiz.
Ayni mana shunday ogʻir va sinovli kunlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning sogʻligʻini himoya qilish borasida juda katta vazifalar amalga oshirilyaptiki, bunday xayrli ishlarni hech bir davlatda uchratmaysiz. Qisqa fursatda qator shifoxonalarning qad rostlashi, shifokorlarimizga koʻrsatilayotgan eʼtibor, yuksak ehtirom shular jumlasidandir.
Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida“gi qarorida ham eng avvalo, xalqimiz manfaati mujassam etilgan. Qarorda amaldagi karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, oila davrasida muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini ado etish bilan bir qatorda, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat, shuningdek, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek, asrlar davomida ezgulik, saxovat va sabr-qanoat, mehr- shafqat oyi sifatida nishonlab kelingan muborak Ramazon oyini hozirgi murakkab vaziyatda ham tinch-totuv, hamjihatlikda oʻtkazishga doir muhim chora-tadbirlar belgilangani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bozorlardagi narx-navoni baqarorlashtirish, xalqimiz dasturxonini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻldirish, muborak Ramazon oyida ham har bir oilaning davlat eʼtiborida boʻlishi misli koʻrilmagan fidoyilik namunasidir.
Bundan koʻrinib turibdiki, muborak Ramazon oyida har bir fuqaro karantin qoidalarini buzmagan holda, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarini uyda, oila davrasida ado etishi zarurdir.
Xalqimiz qalbiga nur ila kirib kelgan Ramazon ertangi kunga boʻlgan ishonchimizni yana-da orttirayotgani bejiz emas, albatta.
Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda haq bilan botinni ajratuvchi ochiq oyatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir.
Abu Hurayradan rivoyat qilindi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:
“Sizlarga muborak oy – ramazon keldi. Uning roʻzasini olloh farz qilgan. Bu oyda samo eshiklari ochiladi. Jahannam eshiklari yopiladi. Shayton malaylari bogʻlanadi. Bu oyda Ollohning bir kechasi borki, u ming oydan koʻra yaxshiroq. Kim bu oyning yaxshiliklaridan mahrum boʻlsa, barcha yaxshiliklardan quruq qolibdi”.( Imom Ahmad, Nasaiy).
Ushbu muborak oyda bir-biriga mehribonlik koʻrsatish, muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzish, xayrli ishlarda hamkorlik qilish, saxovatli boʻlish har birimiz uchun farzdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan insonparvarlik tamoyillariga asoslangan “Saxovat va koʻmak“ umumxalq harakati asosida mehri daryo insonlarimiz tomonidan muhtoj oilalarga koʻrsatilayotgan mehr va muruvvat hech birimizni befarq qoldirmayapti.
Jumladan, samarqandlik saxovatpesha tadbirkorlarimizdan Jahongir Ismatov 20 ta muhtoj oilani uch oy davomida oʻz qaramogʻiga olganligi, ularni moddiy va tibbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgani –oʻzbek millatiga xos boʻlgan azaliy mehru muhabbat, bagʻrikenglik timsolidir.
Yana shunday qalbi daryo, himmatli tadbirkorlardan namanganlik Hakimjon Toshboyev, Faxriddin Xirochevlarning saxovatpeshaligi ham tahsinga loyiq. Navoiylik ishbilarmonlarimizdan Ulugʻbek Fayziyev ham bugungi sinovli kunlarning naqadar qiyinligini, shunday vaziyatda elga yelka tutishni niyat qilgan holda 100 ga yaqin muhtoj oilaga koʻmak berayotgani barchamiz uchun ibratdir. Ularning nomini yana uzoq keltirishimiz mumkin...
Biz ham saxovatpesha tadbirkorlarimizni kun qahramonlari deya eʼtirof etsak, maqsadga muvofiq boʻladi. Ushbu muborak oyda saxovatpesha insonlar safi kengayishiga ishonamiz.
Zero, muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Ehtiyojmand va kam taʼminlangan insonlarga qilingan yaxshilik, albatta, oʻzingizga ham qaytadi“. Yurtboshimiz tomonidan tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan qator imtiyozlar ham yurtdoshlarimizni yana-da hamjihatlik bilan faol ishlashga undamoqda.
Jaloliddin Rumiy hazratlari “Goʻzallarning yuzi koʻzguda goʻzal koʻrinadi, inʼom va ehsonning goʻzalligi esa faqir va gʻariblar ila bilinadi“, deya bejiz aytmagan.
Ertangi kunga katta ishonch va shukronalik bilan moʻtabar Ramazon oyini kutib olayotgan, xalqimizning yonida mardonavor turib, chumoli singari himmat kamarini har birimiz belimizga bogʻlasak, albatta, bu ogʻir va sinovli kunlarni yengib oʻtamiz!
Kirib kelgan muborak Ramazon oyi yurtimizga, yurtdoshlarimizga yana-da ahillik, birdamlik, fayzu baraka olib kelsin! Ramazoni sharif barchamizga muborak boʻlsin!
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi mutaxassisi.