Ramazon oyi saboqlari: Ezguliklar egizi
Aslida odam bolasiga yaratgan tarafidan iʼnom qilingan kun, oylarning yomoni yoʻq.
Aslida odam bolasiga yaratgan tarafidan iʼnom qilingan kun, oylarning yomoni yoʻq. Inson yaxshi niyati, oydin fikrati, mehnatkash qoʻli, ezgu orzu-maqsadlari bilan har bir lahzani barakaga, fayzga aylantira oladi.
Ammo ham jismonan, ham ruhan tiklanish oyi boʻlgan mohi Ramazonning oʻzgacha xosiyati, oʻzgacha hikmati borligi ayon. Bu oy hech qaysi muslim, muslimaning hayotidan beiz oʻtib ketmaydi. Oʻylab koʻrsam, menda ham shu oy bilan bogʻliq talay xotiralar bor ekan, ikki-uchtasini eslagim keldi.
Odamlarimizni nega yaxshi koʻraman...
“Shu xalqqa, shu millatga mansubmisan, uni bor-boricha qabul qilishning, bor-boricha yaxshi koʻrishing kerak”, degan fikrni hadeb takrorlayverasiz. Koʻnglingizning gapimi shu gap? Yo shunchaki aytish kerak boʻlgani uchun aytasizmi? Bu savolni menga bir emas, bir necha marta berishgan. Savolni shu yerda toʻxtatib, Ramazon oyiga qaytamiz. Bir yili qahraton qishda kirgan. Qora sovuq kunlari edi, roʻzadormiz. Oʻsha paytdagi xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilbar Gʻulomova “Men ishlayotgan “Saodat” jurnalining bosh muharriri Oydin Hojiyeva orqali huzurlariga chaqirtirganlar. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan qoʻmitaga shikoyat xati kelgan boʻlib, unda bir oila ajrashish arafasida ekanligi yozilib, yordam soʻralgan edi.
– Iloji boricha oilani yarashtirishga harakat qiling, – Dilbar opaning shunday topshirigʻi bilan yoʻlga tushganman. Dehqonobod tumani xotin-qizlar qoʻmitasi raisi (adashmasam, ismi Dilorom edi) bilan shikoyat xati egasi yashaydigan togʻli qishloqqa yoʻl oldik. Bu joyga oddiy ulov chiqa olmas, harbiylarning gʻildiragiga zanjir oʻrnatilgan transporti bilan maʼlum joygacha borib, u yogʻiga yayov ketganmiz. Kun boʻyi qaynona-qaynota, ota-ona, kelin-kuyov bilan ovora boʻldik. Ularni murosaga keltirish uchun bisotimdagi bor rivoyatu hikoyat, tajribamni ishga soldim. Har ikkala tarafning asabi tarang edi. “Yarashamiz”, degan javobni olmagan boʻlsam-da, kechga borib taranglik ancha kamaygandek boʻldi. Yana ancha yoʻlni piyoda bosib, oʻsha zanjirli transportga tushishimiz kerak.
– Keling, mana shu xonadonga kirib, bir piyola suv bilan ogʻzimizni ochib, sal isinib olaylik, boʻlmasa manzilga yetguncha shaqillab qolamiz, – dedi hamrohim. Chirogʻi yoniq uylardan biriga kirdik. Buyra ustida sholcha toʻshalgan, temir oʻchoqda oʻt pangʻillab yonayapti, qumgʻon qaynayapti. Bobo, buvi, er-xotin, oʻgʻil-qizli gavjum xonadon ekan. Oʻzimizni tanitib, niyatimizni aytdik. Sholcha ustidan yozilgan dasturxonni turshak, mayiz, qorinmoyining saryogʻi, tuzlamalar bilan toʻldirib tashlashdi.
– Zinhor ovora boʻlmanglar, biz tezroq tushib ketishimiz kerak, bir zumga kirdik, xolos, – deya takror-takror uzr aytdik. Oyogʻimizga poʻstin tashlab qoʻyishdi. Issiq elatib, bir ahvolda oʻtirib ham, hovlidagi qandaydir taraddudni sezganday boʻldim. Sakrab oʻrnimdan tashqariga chiqdim. Qoʻradan bir boʻrdoqi qoʻyni sudrab kelishib, soʻyishga hozirlanayotgan ekanlar. Devorlarini yomgʻir yuvgan shifersiz paxsa uy, poli yoʻq xonalar..., va bir pasga kirgan, oʻzlari tanimagan yoʻlovchilarga qoʻy soʻymoqchi boʻlib turgan odamlar...
– Jon ogʻa, bizni qishloqda kutishyapti, faollar yigʻilishgan, hammasi roʻzador, qilgan ishimiz yuzasidan majlis qilishimiz zarur. Shu yerda toʻxtanglar, ziyofatga boshqa safar kelamiz, deb qoʻllaridagi pichoqqa yopishib, yalindim.
– Shuncha yoʻlni bosib kelasiz-u “jiz-biz”siz quruq ketaverasizmi? Boʻlmaydi! – Oʻjarlik qilardi uy egasi. Yana yalindim, xullas, bir amallab, toʻxtatdim.
... Qaytayapmizu boʻgʻzimga yigʻi tiqiladi. Hamrohim ham adabiyotchidan chiqqan ekan, holatimni tushundi chogʻi, nuqul:
– Bizning odamlar shunaqa, opa! Uyida gilami boʻlmasa-da, koʻnglida katta boyligi bor, – deydi.
Shunday odamlarni yaxshi koʻrmay boʻladimi?!
Darvoqe, Toshkentga qaytib kelgach, “Qushning ham uyasi buzilmasin” degan maqola yozdim, jurnalda chop etildi. Maqola soʻngida material bosmaga tushayotganda oʻsha qishloqdan kelgan bir parcha maktub ham ilova qilingan edi. “Ketganingizdan soʻng rosa oʻyladik, kengashdik va: “Biz uchun “Saodat”day nufuzli jurnal qaygʻurayotgan ekan, ularning hurmatiga oyoq qoʻymaylik, dedik, oilamizni tikladik...”
Shunday odamlarni yaxshi koʻrmay boʻladimi?
Kibrimdan xijolat boʻldim
Ramazon oyi jazirama yozga toʻgʻri keldi. Mustaqillik bayramiga bir oy qolganida guruh-guruh boʻlib viloyatlarga bu bayram mohiyatini teranroq anglatish uchun chiqar edik. Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumani chekimizga tushdi. Ertalabgi uchrashuvlarni oʻtkazgach, shiyponga – bir fermerning xoʻjaligiga bordik.
Oramizda Davron Ergashev, uning sozandalari ham bor edi.
Tushlikka taklif boʻlganida roʻzadorligimizni aytib, uzr soʻradik. Menda oʻsha sanʼatkor yigitlar oldida roʻzador ekanligimizni namoyish qilish fikri uygʻondimi, ovozimni balandlatib:
– Kim yeb-ichsa boravering, biz Oynisaxon bilan (yonimda falsafa fanlari nomzodi, milliy universitet dotsenti edi) salqinroqda dam olib turamiz, – dedim. Shiyponning bir xonasiga boshlashdi. Oʻtirsak, Davron Ergashev ham kirib keldi.
– Odamlar toʻplanguncha, roʻzadorlar shu yerda dam olib turarkanmiz, — dedi.
Boshimdan birov suv quygandek boʻldi. Yosh estrada xonandasi boʻlsa, toʻylarda yursa, roʻza tutmaydi, deb oʻylabman-da. Oʻylarimdan uyalib ketdim. “Davronjon, meni kechiring”, degim keldi, lekin uning sokin chehrasi, xuddi shunday nigohida gina soyasi yoʻq edi. “Roʻzani har banda oʻzi uchun tutadi, tutmaganga bepisand qarash, uni kamsitish uchun emas”. Bu kunning menga eng yaxshi sabogʻi shu boʻldi.
U paytlarda biz Darxonda yashardik. Voqealarning faslga aloqasi yoʻqligi uchun boʻlsa kerak, ramazon oyining qaysi oyga toʻgʻri kelgani esimda yoʻq. Mahallamizda Gʻayratjon ismli tadbirkor bor edi. Bir kuni iftorlik paytidan soʻng uyimizga kirib, xoʻjayinim bilan bir pas oʻtirdi-da, chiqib ketdi.
– Kamtaringina yurish-turishimizga qarab, bizni ehtiyojmand deb oʻyladi, shekilli, zakot berib ketdi. Xijolat boʻlmasin, deb indamay qoʻya qoldim. Lekin bizdan ham muhtojroq bandalar bordir, oʻshalarga bersak yaxshi edi, – dedilar xoʻjayinim.
Mahallamizda deyarli oʻziga toʻq odamlar yashardi. Bir-ikkita ayolmand yozuvchilar bor-u, ularning koʻngli osmonda boʻladi, berish – qiyin, ularning olishlari undan ham qiyin.
– Ha-ya, qoʻshni tahririyatda eri vafot etgan ayol bor, bolalari ham ikki-uchta shekilli, oʻshangga Gʻayratjonning nomidan olib borib bera qolay, – dedim.
– Tagʻin, oʻzimizdan deb yurma, albatta, Gʻayratjonning nomini ayt, – deb tayinlab qoldilar xoʻjayinim.
Shunday qildim. Ishdan qaytishda zinapoyadan tushib ketayotsam, qoʻshni tahririyatning farroshi tushib kelyapti, yonida bir ayol.
– Maʼmura (men pul bergan beva ayolning ismi shunday edi) menga zakot berdi, maoshingiz oz, Gʻayratjon degan tadbirkor berib yubordi, keragingizga ishlatarsiz, dedi. Baraka topishsin, Gʻayratjon ham, Maʼmura ham. Oʻzim roʻza tutolmadim. Qoʻshnilarim orasida roʻzadorlar bor, ertaga – shanbada mana shu pulga xarajat qilib, ikki-uchtasini chaqirib, kichkinagina iftor qilib yuboraman...
Boshqa gaplarni eshitmadim. Zotan koʻnglimni qoʻzgʻatadigan eng zarur gapni eshitib boʻlgandim. Bu ayol ham oʻsha zakotni oʻz koriga emas, savob olish uchun, roʻzadorlarga bir piyola choy berib, savob olish uchun ishlatmoqchi boʻlibdi.
Odamlar unday boʻlib ketyapti, bunday boʻlib ketyapti, bu gaplar eski gaplar deymiz. Ammo xalqning qon-qoniga singigan fazilatlarning yoʻqolib ketishi oson emas. Kerak boʻlganda, ular tuproqqa qadalgan urugʻga suv yetib, quyosh tushgandek qayta koʻkarib chiqaveradi. Bugungi sinovli kunlardan matonat, hamjihatlik bilan oʻtayotganimiz ham shu fikrimni isboti emasmi?