Rais qayta saylandi
Samarqand shahar “Lohutiy” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahar “Lohutiy” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respulikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq tashkil etilgan saylovda mahallaga shu vaqtgacha raislik qilib kelgan Olimjon Jo‘raev va shu mahallada yashovchi Zokir Usmonov nomzod sifatida ishtirok etdi. Har ikki nomzod saylov qonunchiligida ko‘rsatilgan talablar asosida ishchi guruhlar tomonidan to‘liq o‘rganilgan holda tavsiya etildi. Saylov jarayonida ham nomzodlar haqida qisqa ma’lumot berilib, ularning dasturlari eshitildi.
Saylovda ishtirok etish huquqiga ega 1680 nafar saylovchining 181 nafar vakili ovoz berish jarayonida ishtirok etishi lozim edi. Saylovda ularning 134 nafari ishtirok etdi. Belgilangan tartibda saylangan sanoq komissiyasi fuqarolarning ko‘z o‘ngida saylov natijalarini ko‘rib chiqdi. Yakuniy natijalariga ko‘ra, Olimjon Jo‘raev saylovchilarning 70 foiz ovoziga ega bo‘lib, o‘z vazifasini davom ettiradigan bo‘ldi.
– Mahallamizda ayni paytda 656 ta oilada 2413 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi Olimjon Jo‘raev. – Hududni rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash bugungi kundagi eng dolzarb masala. Mana shunday mas’uliyatli vazifani yana bir bor ishonib topshirishgani menga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Bu zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshiradi.


