Rahbar nazoratida ishlashdan charchagan xodimning topilma loyihasi
Zamonaviy jamiyatlarga insonlar tomonidan faoliyat bilan bog‘liq yangi atamalar olib kirilmoqda.
Zamonaviy jamiyatlarga insonlar tomonidan faoliyat bilan bog‘liq yangi atamalar olib kirilmoqda. So‘nggi paytlarda ishdan ajralgan holda faoliyat olib borish va bu orqali daromad olish yoshlar o‘rtasida anchagina ommalashmoqda. Bu Kovorking bo‘lib, u ish jarayonining zamonaviy ko‘rinishi, unda turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritadigan insonlar to‘planishadi.
Odamlarga tong sahar 7 dan uyqudan uyg‘onish, tirbandliklarda turib qolish yoki zerikarli ofislarda ertalabdan kechgacha o‘tirishdan ko‘ra, uy sharoitlarida yumshoq divanlarda o‘tirib, o‘z ishlarini qilish ma’qul kelmoqda. Buning uchun esa faqatgina noutbuk va internet kerak xolos. Bu shunchaki ish emas, balki ko‘pchilikning orzusi ekanligi ham sir emas.
“Coworking” ingliz tilidan olingan bo‘lib, “hamkorlikda ish yuritish” degan ma’noni anglatadi. U frilanserlarning rivojlanishi natijasida paydo bo‘lgan. Aynan shu muammoni hal etish uchun kovorking tashkil topgan.
Tasavvur qiling, bir xonada dizayner, dasturchi va birja brokeri o‘tirgan holatda ishlash uchun qulay muhit paydo bo‘ladi. Yana shunisi ahamiyatliki, bu yerga yig‘ilganlar pul to‘laganliklari ularni butun diqqat-e’tiborlarini ishga qaratishga va vaqtlarini behuda sarflamaslikka undaydi.
Kovorking tarixiga nazar solsak, 2005 yil Amerikalik muvaffaqiyatli yosh dasturchi Bret Nyuberg “co-working” atamasiga jon kiritdi. U qat’iy belgilangan rahbar nazoratida ishlashdan charchagan va o‘z shaxsiy ishini boshlash uchun ijaraga ofis olishga qaror qiladi. Ammo, narx-navoning haddan tashqari balandligi uni hayron qoldiradi.
U ofislardan katta joyni ijaraga oldi va yangi ish o‘rinlari uchun o‘ziga o‘xshagan ixtiyoriy ijodkorlarni unchalik qimmat bo‘lmagan to‘lov evaziga taklif etdi. Bor-yo‘g‘i uch oy davomida u o‘z atrofida erkin ijod qiluvchi frilanserlar, startap guruhlarini jamlaydi. Ularga ishlash uchun qulay bo‘lgan sharoitlardan istalgancha foydalanish, tekin Wi-Fi, birgalikda tushlik qilish va dam olish kunlari velosipedlarda sayr qilish imkoniyatini yaratib berdi. Ushbu noyob tizim esa kovorking deb ataldi va bir yildan so‘ng butun dunyoga mashhur namunaga aylandi.
KOVORKINGNING IJOBIY TOMONLARI
Kovorking markazlari bu qat’iy belgilangan kun tartibida ishlaydigan va erkin muhitdagi uy sharoiti o‘rtasidagi holat. Ijodkorlik muhitida odamlar nimalarnidir qizg‘in muhokama qilishlari, talashib tortishishlari, kulishishlari, ishlab chiqarishga yangi g‘oyalarni tatbiq etishlari bu yerga kelgan hech bir insonni befarq qoldirmaydi.
Tashrif buyurgan kishilar beixtiyor jarayonga qo‘shilib ketganliklarini sezmay qolishadi. Eng asosiysi, bu yerda sizni hech arzimagan sabablar bilan e’tiboringizni jalb etmaydi. Kovorking markazlarida siz turli mavzularda o‘z muvaffaqiyatlari sirlari bilan o‘rtoqlashayotgan mashhur biznesmenlar bilan uchrashuvlar va tadbirlarning guvohiga aylanasiz. Shu yerda siz o‘z biznesingiz uchun foydali bo‘lgan hamkorlar, mijozlar topishga ham erishasiz.
So‘nggi paytlarda poytaxtimizda ham bir qancha Kovorking markazlari ish boshlagan. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida nodavlat tashkilotlar vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari uchrashishlari, o‘zaro muhim axborotlar almashishlari, yangidan-yangi g‘oyalarni muhokama qilishlari va bilim va ko‘nikmalarini oshirishlarida Kovorking markazlari muhim rol o‘ynamoqda.