Radio efirida qirol “vafot ettirildi”
Buyuk Britaniyadagi mashhur “Radio Caroline” radiostansiyasi texnik xato tufayli qirol Charlz III vafot etgani haqida noto‘g‘ri xabar tarqatib yubordi. Hodisa efir tizimidagi kompyuter nosozligi sabab yuz bergan. Radio rahbariyati bu holat uchun qirol va tinglovchilardan rasman uzr so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, xato orqali Birlashgan Qirollik ommaviy axborot vositalarida favqulodda holat uchun tayyorlab qo‘yiladigan maxsus “monarx vafoti rejimi” avtomatik ishga tushgan. Shu sabab radiostansiya ma’lum vaqt efirni ham to‘xtatgan. Bu holat xodimlarni shubhaga solib, dasturlar shoshilinch qayta tiklangan.

Hodisa sodir bo‘lgan paytda qirol Charlz III rafiqasi Kamilla bilan Shimoliy Irlandiyada rasmiy tadbirda ishtirok etayotgan edi. Radio rahbari Piter Mur stansiya qirol oilasi bilan uzoq yillik yaxshi munosabatlarga ega ekanini ta’kidladi. U kelajakda ham qirolning an’anaviy rojdestvo murojaatini efirga uzatishdan umidvorligini bildirdi.
1964-yilda tashkil etilgan “Radio Caroline” bir vaqtlar dengizdagi kemalar orqali efir uzatishi bilan mashhur bo‘lgan. Keyinchalik Britaniya hukumati “qaroqchi” radiolarga qarshi qonun qabul qilganidan so‘ng stansiya faoliyati bir necha bor to‘xtagan. Bu radiostansiya tarixi hatto Gollivud filmi uchun ham ilhom manbai bo‘lgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA