Quvnoq va zukko yoshlar bahsi
Xorazm viloyati Urganch shahridagi Yoshlar markazida «Yoshlar oyligi» doirasida Quvnoqlar va zukkolar ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda ko‘rik tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan oltita jamoa bahslashdi.
Mamlakatimizda har doim yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida qaralgan. Kelajagimiz egalariga mukammal bilim olishi, sog‘lom va baxtli hayot kechirishi, ilm o‘rganib, kasb egasi bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmasdan yoshlik davrini bemaqsad o‘tkazayotgan yoki bema’ni ishlarga sarflayotgan yoshlar ham topiladi. Ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchilar ayni damda yoshlar o‘rtasida uchrayotgan salbiy holatlar yoki illatlarni hajviy ko‘rinishda namoyish etdi.

Iyun oyida mamlakatimizda jumladan, Xorazmning barcha hududlarda «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida «Yoshlar oyligi» tashkil etildi. Oylik doirasida turli tanlovlar tashkil etildi.
Tanlov davomida oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan bir qatorda ishtirok etgan uyushmagan yoshlar jamoasi a’zolari ham o‘z mahoratlarini namoyon etdi. Talabalar ham jamiyatda uchrayotgan turli illatlar va oliy ta’lim tizimidagi ayrim muammolarni mutoyibalar orqali ko‘rsatib berdi.
– Biz darsdan tashqari paytlarda jamoamiz bilan tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi TTA Urganch filiali talabasi Jobir Mo‘talov. Biz albatta, bo‘lg‘usi tibbiyot xodimlari bo‘lganimiz uchun hajviyalarimiz va sahna ko‘rinishlarimiz ham ko‘proq tibbiyot bilan bog‘liq bo‘ldi. Raqiblarimiz ham puxta tayyorlanib kelgan ekan. Umuman barchamizning chiqishlarimiz tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olinmoqda. Bundan juda xursandmiz.

Ko‘rik-tanlov iqtidorli yoshlarni aniqlash barobarida Urganch shahri aholisi, shuningdek uning mehmonlarini ham birdek xushnud qildi. Istirohat bog‘iga dam olish maqsadida kelgan aholi vakillari ajoyib kechaning guvohi bo‘ldi. Hakamlar yoshlarning mahoratiga, fuqarolar esa hakamlarning adolatiga baho berdi. Tanlov nihoyasida birinchi o‘rinni olgan jamoaga o‘n besh million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,O‘zA