Quvaytning yetakchi ishbilarmonlari Sirdaryoda
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Quvayt tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Ahmad Alalaj boshchiligidagi yetakchi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi Prezidentimiz va Quvayt Amirining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli ikki tomonlama munosabatlar mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etib, bugungi uchrashuv ham ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish yo‘lida aniq qadamlarni belgilash imkoniyati ekanligini ta’kidladi. Quvaytdan Sirdaryo viloyatiga sitrus mevalar, neft-kimyo mahsulotlari, asbob-uskunalar importini yo‘lga qo‘yish, o‘z o‘rnida ushbu davlatga dukkakli ekinlar, un, to‘qimachilik, farmatsevtika mahsulotlari, quruq mevalar eksporti hajmini oshirish lozimligi va bu borada har tomonlama ko‘mak berilishini bildirdi.

Qabul chog‘ida mehmonlar viloyatda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, investorlarga yaratilgan imtiyozlar, hududdagi mavjud infratuzilma holati bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Muloqot yakunida yaqin vaqt ichida Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Quvaytga xizmat safarini tashkil etish, muzokaralarni davom ettirish hamda qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.

Uchrashuv doirasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar olib borilib, tadbirkorlar kelgusidagi sheriklikning amaliy jihatlarini muhokama qilishdi.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari