Quvasoyda mebel ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilmoqda (+video)
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida faoliyat yuritayotgan “I DECO” mebel ishlab chiqarish korxonasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
2014-yilda kichik sex sifatida faoliyat boshlagan korxona keyinchalik Quvasoy shahridagi “Bunyodkor” yoshlar kichik sanoat zonasida yangi ishlab chiqarish maydonini tashkil etib, faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirdi.
Ayni paytda korxonada 60 nafardan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda. Bu yerda ustoz-shogird an’analari asosida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatilib, zamonaviy dizayndagi yumshoq mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Korxona mahsulotlari respublika bo‘ylab 300 dan ortiq savdo tarmog‘i orqali sotuvga chiqarilmoqda. Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatida rasmiy shou-rumlar faoliyat yuritmoqda. Kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham firmaviy savdo nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Korxonada 2027-yilgacha mebel ishlab chiqarishning to‘liq klaster tizimini shakllantirish maqsad qilingan. Shu munosabat bilan yangi ishlab chiqarish sexlari qurilmoqda, Xitoy va Turkiyadan zamonaviy texnologik jihozlar keltirilmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshgach, ishchilar soni qariyb 200 nafarga yetishi kutilmoqda.
[gallery-30552]
Korxona rahbariyatiga ko‘ra, mahsulotlarning bir qismi tashqi bozorlarga eksport qilinmoqda. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini kengaytirish, jumladan, Afg‘oniston va Tojikiston bozorlarida ishtirokni oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda korxonaning oylik ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 6–7 milliard so‘m, yillik aylanmasi esa 65–70 milliard so‘mni tashkil etadi. Eksport mahsulotlari umumiy ishlab chiqarish hajmining 10–20 foiziga to‘g‘ri keladi.
<iframe width="873" height="491" src="https://www.youtube.com/embed/Jbq8Sb21FuM" title="Quvasoyda mebel ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA