Quvadagi budda ibodatxonasi 3D turmarshrutini kiritilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020-yil eʼlon qilgan «Respublikamiz hududidagi budda yodgorliklarining 3D turmarshrutini yaratish» innovatsion loyiha granti aʼzolari Fargʻona viloyatining qadimgi Quva shahridagi budda ibodatxonasi bilan yaqindan tanishdi. Mazkur yodgorlik ham turmarshrutga kiritilgan boʻlib, kelgusida buddist ziyoratchilar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Qadimgi Quva XX asr boshlarida ilmiy tadqiqotchilar eʼtiboriga tushgan. Uning oʻlchamlari, topilgan minglab sopol idishlar va boshqa topilmalar bu maskanni afsonaviy Kay Kubod bilan qiyoslash uchun asos boʻlgan.
Yozma manbalarda Quva haqida juda kam maʼlumot uchraydi. Arab geograflarining yozishicha, Qubo X asrda vodiydagi yirik shaharlardan biri. Baʼzi mualliflar uni Fargʻona poytaxti Axsiketdan ham kattaroq va chiroyliroq boʻlgan, deb taʼriflagan.

Ayrim manbalarda aytilishicha, Quboda Fargʻona hukmdorining taxt vorisi qarorgohi mavjud boʻlgan. Bu shaharning siyosiy va iqtisodiy salohiyatini oʻsha davrda zarb etilgan tangalar ham namoyon etgan. Bundan tashqari, qazishmalar chogʻida Quvadan topilgan koʻplab noyob tangalarga boshqa hududlarda duch kelinmagan. Quva tangalarini chuqur oʻrgangan O.I. Smirnova bu shaharda ular VII - VIII asrlarda zarb etilgan, deya xulosaga kelgan. Ilmiy tadqiqot ishlari natijalariga koʻra, Quva ilk oʻrta asrlarda muhim siyosiy ahamiyatga ega shahar boʻlgan.

Xitoy yilnomalari maʼlumotlarida keltirilishicha, VII asrda vodiyda ikkita yaʼni, shimoliy tomonda Koson Turk xoqonligi hukmdorlarining qarorgohi va janubda-Xuminda mahalliy hukmdorlar vakili poytaxti boʻlgan. Xumin qayerda joylashgani noaniq boʻlsada, ammo VIII asr boshlaridagi Quvaning siyosiy va iqtisodiy salohiyatini hisobga olib, arab manbalaridagi Qubo va Xitoy yilnomalaridagi Xumin bir shahar, yaʼni Quva, degan xulosaga kelingan.
Yodgorlikning turli joylarida qazishma ishlarini olib borgan arxeologlar arkning X asrda buzilib yaroqsiz holga kelib qolgani haqidagi yozma manbalar xabarini tasdiqladi. Lekin, oʻrta asrlarda Quvaning kuchsizlanishi toʻgʻrisidagi fikr oʻz isbotini topmadi. Shahar siyosiy va madaniy markaz sifatida XIII asr boshlarigacha, sodda qilib aytganda, moʻgʻillar tomonidan vayron etilguncha yirik kentlardan biri sifatida nom qozongan.

Shahristonning shimol tomonida yirik qazish ishlarini olib borgan qadimshunoslar 1958-1959-yillarda bu yerdagi buddaviylik ibodatxonasini kovlab ochgan. Ahamiyatlisi, yashash joyi va ibodatxona, undagi sigʻinish kompleksi yaxshi saqlangan. Bu kompleks VII asrda faoliyat koʻrsatgan va VIII asr boshlarida buzib tashlangan. Quvadan topilgan haykallar va boshqa asori-atiqlar shahar aholisining bir qismi arablar kelgunga qadar buddaviylik diniga sigʻinganini isbotlaydi. Bu yerda buddaviylik aholi sigʻingan yagona din boʻlmay balki, oʻtgan asrning oʻrtalaridagi qazishmalarda otashparastlik dini bilan bogʻliq topilmalar ham aniqlangan. Zardushtiylik va buddaviylik topilmalari VII-VIII asrlarga aloqador ikki diniy tizim vakillarining Quva shahrida yonma-yon yashaganini koʻrsatadi.
Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, yodgorlikning janubi-sharqiy burchagida balandligi 4 metrdan ortiq boʻlgan shahar qadimgi devorining bir qismi 1996-2006-yillardagi qazishmalar davrida ochilgan. Shuningdek, shahristonning janubi-sharqiy burchagida arxeologlar va meʼmorlar uchun ahamiyati katta boʻlgan darvoza ochib oʻrganilgan. Bungacha shahristonda ikkita darvoza bor, deya taxmin qilingan. Shahar va uning kirish qismidagi murakkab meʼmoriy yechimlari Oʻrta Osiyo oʻrta asrlar tarixida birinchi marta toʻla kovlab oʻrganilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, shahar darvozasi oʻrta asrlardan ham ilgariroq ishlatilgan ekan.
Quva buddaviylik yodgorligi mamlakatimizning Surxondaryo, Toshkent viloyatlaridagi buddizm yodgorliklari, Toshkent va Samarqand shahridagi muzeylar qatorida Innovatsion loyiha tur marshrutiga kiritilgan yigirmadan ortiq qadimiy obyektning biridir. Oʻtgan asrning 50 yillarida tadqiqot ishlarini olib borgan arxeologlar bu yerning eng qadimgi qatlamlari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlarni toʻplagan. Jumladan, ark va shahristonning maydoni 12 gektardan iborat ekani va VI asrga kelib bu yerga aholi sigʻmay qolganidan shahriston tashqarisiga chiqilgani aniqlangan. Shimoliy devor kesimi va uning tagida eramiz boshlariga oid mudofaa devori borligi maʼlum boʻlgan. Birinchi asrga oid sopollarga duch kelingani va ikkita bronza paykonlarining topilishi Quva eramiz boshlarida paydo boʻlgan, degan toʻxtamga kelishga asos boʻlgan.
Qadimiy Quvani oʻrganish davrida qadimshunoslar bu yerning yirik hunarmandchilik markazi boʻlganini aniqlagan. Ular temirchilik, charmni qayta ishlash ustaxonalariga duch kelgan. Kulolchilik yaxshi rivojlangani qayd etilgan.
Qazishmalar davrida koʻplab kulolchilik buyumlari topilgan. Garchand arxeologlar bu sohaga aloqador bironta ustaxonaga duch kelmagan boʻlsada, bu buyumlar Quvada ishlangan, degan toʻxtamga kelgan. Kulol charxisiz tayyorlangan sopol idishlar qizil va qizgʻish ranglar bilan boʻyalgan. Charxda yasalgan sopollarga oqish ranglarda jilo berilgan. Ayrim idishlar sirtiga boʻyoq bilan geometrik va oʻsimlik nusxa naqshlar solingan. Bunday idishlar taxminan miloddan avvalgi II asrdan ortib borgan. Keyinchalik kulolchilik uslublari yangilanib, aksariyat idishlarni charxda tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Bu kabi qazilmalarga serob budda ibodatxonasi nafaqat qadimshunoslar balki, sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotadi.
Xulosa qilib aytganda, ayni paytda Innovatsion loyiha grantining ikkinchi bosqichi boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Uni sifatli amalga oshirish uchun eng malakali mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan. Bu jarayonda buddizm obidalarining 3D turmarshruti boʻyicha yakuniy mahsulot yaratilib, Quva ham oʻzining oʻtmishdagi boy tarixi bilan dunyo sayyohlarining eng sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.
Bibisora SADIBEKOVA, Innovatsion loyiha granti rahbari, Iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.
Zebuniso ALIMARDONOVA, Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, arxeolog.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV,
OʻzA muxbiri