Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy bo‘linmalarining tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tadi
Diqqat, e’lon!
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan 4-aprel kuni poytaxtimizda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy bo‘linmalarining tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Harbiy bo‘linmalarning tantanali piyoda yurishlari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (Mo‘ljal: "Pushkin" metro bekati) soat 08.00 da boshlanadi va 12.30 ga qadar davom etadi.

Harbiy bo‘linmalar dastlab boshlanish nuqtasidan "Parkent" va "Mustaqillik" ko‘chalari bo‘ylab Amir Temur jangovar bayrog‘ini ko‘targan holda bugungi kundagi jangovar va kundalik harbiy liboslar bilan birga Amir Temur davriga oid qurol-aslaha va kiyim boshda harakatlanib, Amir Temur xiyobonidagi to‘xtash nuqtasida teatr sahnalari, faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, bo‘linmalarning jangovar chaqirig‘i, harbiy orkestrning defile namoyishlari ijro etiladi. Shundan so‘ng bo‘linmalar "Mustaqillik" va "Temiryo‘l" ko‘chalari bo‘ylab manzilga qaytadilar.
4-aprel kuni yuqorida keltirilgan ko‘chalarda soat 08.00 dan 12.30 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi. Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va barchani ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chorlaymiz!
