Qurilish sohasidagi murojaatlar qanday hal etilmoqda?
Aholi murojaatlari bilan ishlash, bu borada parlament nazoratini o‘rnatish mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni hal etish imkonini beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani yuzasidan axboroti eshitildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, vazirlik tomonidan aholi bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Vazirlikka joriy yilning 9 oyida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 14 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 64 foizi qurilish va bino-inshootlarga tegishli masalalarga oid, 20 foizi uy-joylarning umumiy mulkini saqlash va ta’mirlash hamda boshqaruv tashkilotlarining faoliyati bo‘yicha, 3 foizi issiqlik ta’minotiga tegishli masalalar yuzasidan, 13 foizi turli sohalarga oid murojaatlardan iborat.

Murojaatlardan 54 foizi ijobiy hal etilgan, 33 foiziga tushuntirish berilgan.
Sohada aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish va takroriy murojatlar kelib tushishining oldini olish maqsadida murojaatlar soni oshgan hududlarga alohida e’tibor berilgan holda Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda 19 marotaba sayyor qabul tashkil etilgan.
Aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda qurilish sohasida davlat nazorati takomillashtirilgan va ob’ektlarda nazorat o‘rnatish bo‘yicha «Qurilish nazorati» axborot tizimi joriy etilgan. Shuningdek, 225 ta shaharsozlik hujjatlari, jumladan 11 ta shahar va 50 ta shaharchalar bosh rejalari, 42 ta hududlarning master rejalari hamda 122 ta qishloqlarning bosh rejalarini ishlab chiqish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

–Joriy yilda vazirlikka Oliy Majlis palatalari tomonidan arxitektura va shaharsozlik, o‘zboshimcha qurilmalar o‘rnatish, ichimlik suvi va oqova ta’minoti, ko‘p xonadonli uylarni boshqarish va boshqa shu kabi masalalarga oid 130 ga yaqin murojaat jo‘natilgan, – dedi deputat I.Xushvaqtov. – Xususan, Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarning ko‘p qavatli uy-joyning zilzilaga bardoshliligi yuzasidan murojaati, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarning ko‘p qavatli uy oldida avtoturargoh qurish bo‘yicha murojaati, Surxondaryo viloyati Boysun tumani aholisining salomatlik yo‘lakchasining sifatsiz qurilishini oldini olish yuzasidan murojaatlari ijobiy hal etilgan. Ammo ayrim murojaatlarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
M.Komilova, O‘zA