Qurbon hayiti arafasida qo‘shimcha avtobus reyslari yo‘lga qo‘yildi
Qurbon hayiti munosabati bilan aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida poytaxtdan hududlarga qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22-may sanasidan boshlab Toshkent avtovokzaldan respublika viloyatlari tomon qo‘shimcha reyslar harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimining ortishi munosabati bilan amaldagi 85 ta muntazam qatnovga qo‘shimcha ravishda yana 23 ta avtobus reysi tashkil etildi.
Qo‘shimcha qatnovlar Zarmitan, Nurota, Zarafshon, Uchquduq, Xatirchi, Qarshi, Shahrisabz, Uzun, Xiva va Nukus yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.
Mutasaddilarning bildirishicha, bayram, dam olish kunlari davomida aholi talabidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha reyslar soni yana ko‘paytirilishi mumkin.
Yo‘lovchilar chiptalarni avtovokzal chiptaxonalari orqali, shuningdek ATTO platformasi hamda avtoticket.uz orqali onlayn tarzda xarid qilishlari mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA